O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi vakillari Tokioda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida Ideal (Ideal Business Center) brendi kostyumlarida chiqdi. O‘yinlar uchun sportchilarning ekipirovkasi va sport kiyimlari esa 7SABER brendi tomonidan tayyorlandi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”

Foto: Getty Images

Nashr ushbu ma’lumotning Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) tomonidan ham tasdiqlanganini ma’lum qildi. O‘tgan 2020-yilning fevralida MOQda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sport ekipirovkasi va parad formasi taqdimoti bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda qo‘mita forma eskizini yaratish bo‘yicha xalqaro tanlovda 100 dan ortiq nomzodlar qatnashgani, tanlangan namunalar Prezident va hukumatga taqdim etilgani hamda Shavkat Mirziyoyevning ijobiy fikr bildirgani aytilgandi. Shuningdek, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Holida Komilova sportchilarning tasnifiga qarab, har bir komplekt individual tarzda yaratilishini ta’kidlagandi.

Biroq sportchilar Tokioga boshqa parad formasi va boshqa ekipirovakada yo‘l oldi.

Foto: “Gazeta.uz”

Ideal Business Center rahbari Muhammadjon Qodirov “Gazeta.uz”ga MOQ Olimpiya terma jamoasi uchun parad formasi dizayni bo‘yicha tender 2019-yilning oxirida e’lon qilganini ma’lum qilgan.

“Tender e’lon qilingan va dizaynerlar o‘z lavhalari, loyihalarini bergan. Shundan 10 tasi tanlangan. O‘ntasidan keyin saralangan 5—6 ta loyiha bosh vazirga ko‘rsatilgan va yakuniy natija Prezident tomonidan tanlagan”, — deydi Muhammadjon Qodirov.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra Ideal kompaniyasi tasdiqlangan dizayn asosida faqat formani tikish ishlari bilan shug‘ullangan.

Foto: Taekvondo federatsiyasi

“Dizaynini tanlashda ham qatnashganmiz. Tanlovda ikki nafar nomzodning dizayni tasdiqlangan. Ya’ni bitta dizaynerning modelidan rang olingan va qoliplar, fasoni esa bizniki bo‘lgan”, — dedi kompaniya rahbari.

Muhammadjon Qodirov gap dizaynni tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan tender haqida ketayotganini qayd etib o‘tdi — tikish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya esa oldindan ma’lum bo‘lgan.

“2016-yildagi Olimpiadaga ham formani biz tikkanmiz. Bokschilar Jahon chempionatini yutib kelib, bayramda oq kostyum shimda chiqdi — uni ham biz qildik”, — deydi u.

Prezidentning 25-iyundagi qaroriga muvofiq, delegatsiyaning rasmiy ekipirovkasi (forma kiyimi — kostyum, shim, ko‘ylak, galstuk, belbog‘, oyoq kiyimi) umumiy qiymati 430 million so‘mga (215 nafar ishtirokchining har biriga 2 million so‘mdan) tushgani qayd etilgan.

Foto: MOQ

MOQning 2020-yilgi taqdimotida Buka (brend egasi Buka Boxing Sportswear) logotipi tushirilgan formani ham ko‘rish mumkin edi. Biroq sportchilar Tokioga yuqorida ta’kidlanganidek 7SABER ekipirovkasida yo‘l oldi.

7SABER mahalliy brendining taqdimoti 2021-yilning 25-iyun kuni o‘tkazilgan edi. Shu bilan birga, ayrim sportchilarda (Ulug‘bek RashidovBahodir Jalolov) bahordan beri ushbu brend formasida ekanini ko‘rish mumkin.

Otabek Umarov tomonidan yaratilgan grafik belgi

Foto: “Spot”

7SABER brendining yaralish tarixi 2019-yilga borib taqaladi. “Spot” nashrining yozishicha, o‘shanda Triatlon federatsiyasining sobiq rahbari Otabek Umarov butun dunyoga mashhur bo‘lgan ikonalar asosida turli sport turlarini tasvirlaydigan grafik elementni yaratgan. Ta’kidlanishicha, uzoq vaqt mobaynida logotipning tijoratga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Muallif uni sport tashkilotlari va ishlab chiqaruvchilari tomonidan erkin foydalanishiga e’tiroz bildirmagan.

Bu professional sportchilar bilan birga ishqibozlar orasida ham birdek brend mashhurligining oshishiga ta’sir ko‘rsatdi. 7SABER’da buni milliy marketingning namunasi deb atashdi.

O‘zbekistonlik sportchilar Tokio safari oldidan

Foto: MOQ

2020-yilda esa sport ekipirovkasini ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan Dubayning Berkeley Square Investments kompaniyasi O‘zbekistonda marketing o‘rganishlarini olib borgan va 7SABER elementining mamlakatda mashhurlik va sodiqlikka ega ekanini aniqlagan.

Shundan so‘ng Berkeley Square Investments rahbariyati O‘zbekistonda o‘z manfaatlarini ifodalovchi Urban Hayot kompaniyasi orqali muallif bilan muzokaralarga kirishgan va yakunda litsenziya bitimi imzolagan.

Foto: “Gazeta.uz”

Shu tariqa emblemadan foydalanish huquqi 5 yil muddatga Urban Hayot kompaniyasiga o‘tadi. Kompaniya 2020-yilning 2-dekabrida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniya ta’sischilari sifatida Ross Konnon va O‘raz Abdurazzoqov ko‘rsatilgan. Kelishuvga erishish vaqtida logotipning na fonetik eshitilishi, na aniq nomlanishi bo‘lgan — u faqat dizaynga ega edi.

Brend yaratilishiga INSTID London san’at instituti va Toshkent GRANDPR agentligi jalb etilgan, shu tarzda 7SABER paydo bo‘lgan, deb yozadi “Gazeta.uz” “Spot” nashriga tayanib.

Otabek Umarov esa o‘zining Instagram sahifasida ushbu emblema haqida shunday degandi:

“Qalbga qadrli bo‘lgan loyihaning qayta tug‘ilishini ko‘rish — juda ajoyib tuyg‘u. Bir necha yil avval qalam eskizlari va bolalar sport maktablari uchun ilk kiyimlar to‘plamida yaratilgan g‘oya kecha yangi yorqin brend sifatida namoyish etildi. Bir nechta ixlosmandlarning tashabbusidan katta sarmoyaviy loyihaga qadar bo‘lgan yo‘l eng qisqa vaqt ichida bosib o‘tildi. Endi boshqalar loyihani davom ettirsin, men avval ixtiro qilgan belgi yaxshi qo‘llarda ekaniga shubham yo‘q”.

Prezidentning 2021-yilning 25-iyundagi qarori bilan (PP-5160) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun sport anjomlari, jihozlar, uskunalar, delegatsiya rasmiy liboslari, sport kiyimlari (ekipirovkasi), sport tibbiyoti jihozlari, tibbiy-biologik preparatlar xarid qilish bo‘yicha xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni, shuningdek, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bo‘lib o‘tadigan sport bazalari, yotoqxona, sport zallari va sport jihozlari ijaralari to‘g‘risida hamda ovqatlanishni tashkil qilish yuzasidan shartnomalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berilgandi.

Shuningdek, istisno tariqasida, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida tegishli e’lon joylashtirmasdan va elektron savdolarsiz, tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirishga ham ruxsat berilgan.