Dunyo va o‘zbek sportiga oid 22-iyul kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Yaponiyaning Tokio shahrida 23-iyul, juma kunidan boshlab Olimpiada o‘yinlari start oladi. 22-iyul kuni qator o‘zbekistonlik sportchilar o‘z raqiblari kim bo‘lishini bilib oldi. Xususan, 24-iyul sanasida boshlanadigan boks musobaqalariga qur’a tashlandi va o‘zbekistonlik bokschilarning dastlabki bosqichdagi raqiblari nomi ma’lum bo‘ldi:

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Erkaklar:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov—Chiftchi Batuxan (Turkiya);

-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov—Xose Kuiles (Ispaniya) / Kurt Uolker (Irlandiya);

-63 kg: Elnur Abduraimov—Chinzorig Baatarsuxin (Mo‘g‘iliston);

-69 kg: Bobousmon Boturov—Polando Rohan (Dominikan Respublikasi);

-75 kg: Fanat Qahramonov—Giorgi Xarabadze (Gruziya);

-81 kg: Dilshod Ro‘zmetov—Emmett Brennan (Irlandiya);

-91 kg: Sanjar Tursunov—Abdulxafid Benchabla (Jazoir);

+91 kg: Bahodir Jalolov—Muhammad Abdullayev (Ozarbayjon) / Danis Latipov (Bahrayn).

Ayollar:

-51 kg: Tursunoy Rahimova—Sandra Drabik (Polsha);

-60 kg: Rayhona Qodirova—Naomi Yumba (Kongo DR);

-69 kg: Shahnoza Yunusova—Karolina Kotsevska (Polsha).

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, dzyudo bo‘yicha bahslarga ham qur’a tashlandi.

Erkaklar:

-60 kg: Sharofiddin Lutfullayev birinchi davradan ozod qilingan, ikkinchi davrada Artyom Lesiuk (Ukraina) / Xose Ramov (Gvatemala) g‘olibiga qarshi

-66 kg: Sardor Nurillayev—Denis Viyeru (Moldova);

-73 kg: Hikmatilloh To‘rayev—Igor Vantdeke (Germaniya);

-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev—Ugo Kumbo (Vanatau);

-90 kg: Davlat Bobonov—Nikolas Mungai (Italiya);

-100 kg: Muhammadkarim Xurramov—Benjamin Fletcher (Irlandiya);

+100 kg: Bekmurod Oltiboyev—Durenbayar Ulzibayar (Mo‘g‘uliston).

Ayollar:

-52 kg: Diyora Keldiyorova—Sosorbaram Lxagvasuren (Mo‘g‘iliston);

-63 kg: Farangiz Hojiyeva—Sandrin Billet (Kabo-Verde);

-70 kg: Gulnoza Matniyazova—Demos Memneloum (Chad).

Aralash jamoaviy bahslarda esa O‘zbekiston terma jamoasi ilk turda Niderlandiya termasiga qarshi saf tortadi. O‘zbekistonlik sportchilar mezbon va musobaqa favoriti Yaponiya bilan faqat finalda to‘qnash kelishi mumkin. Agar ilk davrada g‘alaba qozonilsa, keyingi bosqichda O‘zbekistonga Braziliya raqiblik qiladi.

Dzyudo bellashuvlari 24-iyul kuni erkaklar o‘rtasidagi -60 kg hamda ayollar o‘rtasidagi -48 kg vazn toifalaridagi bahslar bilan boshlanadi. Shu kunning o‘zida har ikki vazn toifasida Olimpiya chempionlari aniqlanadi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

Tennischi Denis Istomin esa musobaqadagi ishtirokini hindistonlik Sumit Nagalga qarshi boshlaydi. Istomin Sumit to‘sig‘idan o‘tadigan bo‘lsa, ikkinchi davrada rossiyalik Daniil Medvedev hamda qozog‘istonlik Aleksandr Bublik o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston taekvondo terma jamoasining to‘rt a’zosi ham musobaqadagi ilk raqiblarini bilib oldi.

-68 kg: Ulug‘bek Rashidov—Seydu Fofana (Mali);

-80 kg: Nikita Rafalovich—Moyzes Ernandes (Dominikan);

-67 kg: Nigora Tursunqulova—Jang Mengyu (Xitoy);

+67 kg: Svetlana Osipova—Jansel Deniz (Qozog‘iston).

Foto: Instagram

Hasanboy Do‘stmatovning navbatdagi jangi sanasi ma’lum bo‘ldi. Professional boksning birinchi o‘ta yengil vazn toifasida (-48,9 kg) ringga chiqayotgan Hasanboy Do‘stmatov (3-0, 3 KO) o‘zining navbatdagi jangini 28-avgust kuni Moskva shahrida o‘tkazadi. Hasanboyning bu jangi 8 raundga mo‘ljallangan. Hozircha raqib nomi ma’lum emas.

Foto: Getty Images

Eldor Shomurodovning ushbu transfer oynasida “Jenoa”dan ketmasligi aniq bo‘ldi. “Match TV” nashriga ko‘ra, genuyaliklar bosh murabbiyi Davide Ballardini 26 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini sotishni taqiqlagan. Shuningdek, Shomurodovning o‘zi ham boshqa jamoaga o‘tishni rejalashtirmayapti.

Jahon

Olimpiada mavzusidan uzoqlashmaymiz. 22-iyul kuni musobaqaning futbol bahslari start oldi.

A guruhida Fransiya Meksikaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Yaponiya esa JARdan ustun keldi. Janubiy Koreya Yangi Zelandiyaga minimal hisobda yutqazib qo‘ydi. B guruhidagi ikkinchi o‘yinda Ruminiya Gondurasni taslim etdi.

C guruhida Argentina Avstraliyaga yengildi, Ispaniya esa Misr bilan nursiz durangga imzo chekdi.

D guruhida Braziliya Germaniyani yengdi, guruhning ikkinchi o‘yinida Saudiya Arabistoni Kot-d’Ivuarga mag‘lub bo‘ldi. Futbol bo‘yicha Olimpiadaning ilk kungi o‘yinlari haqida bu yerda batafsil o‘qish mumkin.

Yevrofutbol

Foto: Getty Images

Italiya futbol federatsiyasi Ilmiy-texnik qo‘mitasi a’zosi Franchesko Brakonaro “Inter” yarim himoyachisi Kristian Eriksenga kardioverter-defibrillyator joylashtirilgandan so‘ng uning A Seriyada o‘ynay olmasligini ma’lum qildi. Football Italia’ning yozishicha, agar defibrillyator olib tashlansa, Eriksenga hech qanday taqiq qo‘yilmaydi.

Foto: Getty Images

“Arsenal” “Lester” yarim himoyachisi Jeyms Meddisonni sotib olish borasida bosh qotirmoqda, deb xabar beradi Daily Mail.

24 yoshli angliyalik futbolchi “kanonirlar” bosh murabbiyi Mikel Artetaning asosiy maqsadiga aylangan. “Lester” Meddison uchun 50 million funtdan ko‘proq mablag‘ so‘ramoqchi, ammo “Arsenal” narxni pasaytirish uchun bir qancha futbolchilarini bitimga qo‘shmoqchi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!