Bir oy davom etgan Yevro—2020 ham o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu musobaqa turli shaharlarda o‘tkazilgani bilan ham yodda qoldi. “Uembli”da o‘tkazilgan finalda Italiya penaltilar seriyasida Angliyani mag‘lubiyatga uchratdi va Yevro—2020 g‘olibligini qo‘lga kiritdi. “Daryo” quyida Yevropa chempionatiga oid eng qiziqarli statistikalarini taqdim etadi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Futbolchilar

Krishtianu Ronaldu 5 ta gol bilan musobaqa to‘purariga aylandi. Chexiya futbolchisi Patrik Shik ham 5 ta gol urdi. Lekin Ronaldu 1 ta golli uzatmani ham amalga oshirgani uchun to‘purarlik sovrini unga topshirildi.

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Golli uzatmalar bo‘yicha Shveysariya terma jamoasi futbolchisi Zuber birinchi o‘rinda turibdi. Futbolchi jamoadoshlariga 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Quruq o‘yinlar soni bo‘yicha (darvozabonlar orasida) Jordan Pikford eng yaxshi natijani qayd etdi. Angliya posboni 5 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Yana bir finalchi Janluiji Donnarumma esa 3 ta o‘yinda gol o‘tkazib yubormadi.

Yevro—2020 da eng ko‘p quruq o‘yin o‘tkazgan darvozabonlar

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Shveysariya posboni Yan Zommer eng ko‘p seyv (21) amalga oshirdi. Kasper Shmeyxel (Daniya), Ulgurjan Chaqir (Turkiya) va Denni Uord (Uels) 18 ta seyv bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.

Muvaffaqiyatli dribling borasida Rahim Sterlingga teng keladigani bo‘lmadi — 22 ta.

Yevro—2020 da eng ko‘p muvaffaqiyatli dribling amalga oshirgan futbolchilar

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Musobaqaning eng qo‘pol futbolchisi Tomas Dileyni bo‘ldi. Daniyalik futbolchi raqiblarga nisbatan 15 ta qo‘pollik ishlatdi. Ikkinchi o‘rinni italiyalik Jovanni di Lorenso (13) egalladi. Uchinchi o‘rinda esa Kelvin Fillips (12) turibdi.

Jorjinyo Yevro—2020 da eng ko‘p masofani bosib o‘tdi — 86,61 km. Kuchli beshlikda Angliyaning uch nafar va yarim finalda o‘z yurishini to‘xtatgan ispaniyalik iqtidor Pedri joy oldi.

Yevro—2020 da eng ko‘p masofa bosib o‘tgan futbolchilar

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Gollar

Yevro—2020 da 51 ta o‘yin o‘tkazildi va 142 ta gol urildi. Har bir o‘yinga o‘rtacha 2,79 ta gol to‘g‘ri keladi. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa chempionati rekordi o‘rnatildi.

Gollar qanday urilgan:

  • 61: o‘ng oyoq
  • 43: chap oyoq
  • 27: bosh bilan
  • 11: avtogol

Qanday va qayerdan urildi:

  • Jarima maydoni ichidan: 123
  • Jarima maydoni tashqarisidan: 19
  • O‘yindan: 132
  • Penaltidan: 9
  • Jarima zarbasidan: 1

Yevro—2020 da eng ko‘p gol (30 ta) 46—60-daqiqalar oralig‘ida urildi. Eng kam gol esa 2-qo‘shimcha bo‘limda urilgan. Jamoalar qo‘shimcha bo‘limda 2 ta gol urdi.

Yevro—2020 gollari vaqtlar kesimida

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Emil Forsberg 82-soniyada Polsha darvozasini ishg‘ol qilib musobaqadagi eng tezkor golni urdi. Yussuf Poulsen esa 99-soniyada Belgiya darvozasiga gol urdi. Uchinchi o‘rinda esa Lyuk Shou turibdi. Angliyalik himoyachi finalda Italiya darvozasini 116-soniyada ishg‘ol qildi.

Yevro finallaridagi eng tezkor gol urildi. Angliya futbolchisi Lyuk Shou 2-daqiqada (1:57) Italiya darvozasini ishg‘ol qildi. Bu Yevro finallaridagi eng tezkor gol.

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Shimoliy Makedoniya futbolchisi Goran Pandev Yevro—2020 da gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. Pandev 37 yosh 321 kunlik vaqtida Avstriya darvozasiga gol urdi.

Yevro finallarida gol urgan eng yoshi katta futbolchi — Leonardo Bonuchchi (34 yosh-u 71 kunlik).

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Jamoalar

Italiya va Ispaniya Yevro—2020 da eng ko‘p gol urgan terma jamoalar bo‘ldi. 13 ta gol urish uchun Italiya 7 ta o‘yin sarflagan bo‘lsa, Ispaniya bu natijaga erishishi uchun 6 ta o‘yin kifoya qildi.

Yevro—2020 dagi barcha gollar jamoalar kesimida

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

“Yuventus” futbolchilari musobaqada eng ko‘p gol urdi. Ularning hisobida 12 ta gol mavjud. Turinliklar tarkibidan Krishtianu Ronaldu (5), Alvaro Morata (3), Federiko Kyeza (2), Aaron Remzi (1) va Leonardo Bonuchchi (1) gol muallifiga aylandi.

Futbolchilari Yevro—2020 da eng ko‘p gol urgan klublar

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

A Seriya vakillari musobaqada eng ko‘p gol urdi. Italiya chempionatidan tashrif buyurgan futbolchilar hisobida 36 ta gol mavjud.

Futbolchilari Yevro—2020 da eng ko‘p gol urgan ligalar

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Eng ko‘p o‘yin boshqargan hakam Feliks Brix (5) bo‘lib turibdi. Ikkinchi o‘rinda Byorn Kuypers (4) va Danni Makkeli (4) turibdi.

Stadionlar

Eng ko‘p durang natija “Uembli” stadionida qayd etildi. D guruhidan o‘rin olgan Angliya va Shotlandiya o‘rtasidagi 2-tur o‘yini nursiz durang bilan yakunlandi. Yarim finalda Italiya va Ispaniya o‘rtasidagi bahsda 1:1 hisobida qayd etildi va jamoalar penaltilar seriyasigacha bordi. Italyanlar Luis Enrike shogirdlarini musobaqadan chiqarib yubordi. Finalda esa nominal mezon sifatida ishtirok etgan Italiya haqiqiy mezbon Angliyaga qarshi bahs olib bordi. Asosiy vaqtlar 1:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, penaltilar seriyasida Roberto Manchini shogirdlari raqibidan ustun keldi va Yevro—2020 g‘olibiga aylandi.

Foto: Getty Images

Eng ko‘p o‘yinlar o‘tkazilgan stadion ham “Uembli” bo‘ldi. Yevro—2020 ning 8 ta o‘yinini Londondagi stadionda bo‘lib o‘tdi. “Sankt-Peterburg” stadionida 7 ta o‘yin o‘tkazildi. Qolgan barcha stadionlarda 4 tadan o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.

Budapeshtdagi “Pushkash Arena” stadionining 82 foizi to‘ldi. Kopengagenda joylashgan “Parken” stadioni esa 55% qismini muxlislar bilan to‘ldira oldi. Uchinchi o‘rinni esa 43% bilan “Uembli” stadioni oldi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!