“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
19:55, 11.07.2021 38652

Xijolatli savol: Oyoqlar haddan ortiq terlaganda nima qilish kerak?

Oyoqlarning ortiqcha terlashi hayot sifatining yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Doimiy namlik shamollashga sabab bo‘lishi, oyoqlar hidlanishi va terida zamburug‘ paydo bo‘lishi mumkin. Bu kabi muammolar kelib chiqishi uchun esa quyidagilarga amal qilish tavsiya qilinadi.

Foto: Freepik

Paypoq kiyishni unutmang

Issiq kunlarda tabiiy paxta, sovuq kunlarda esa jun matosidan tikilgan sifatli paypoqlarni iloji boricha tez-tez kiyib yurishga harakat qiling. Mato ortiqcha ajralgan terni o‘ziga olib, yoqimsiz hid paydo bo‘lishini oldini oladi.

Maxsus pataklardan foydalaning

Ba’zi ishlab chiqaruvchilar oyoqlari gipergidroz ya’ni haddan terlashdan aziyat chekadigan kishilar, professional sportchilar hamda kunning aksariyat qismini yopiq oyoq kiyimda o‘tkazishga majbur bo‘ladigan kishilar uchun maxsus pataklardan foydalanishni taklif qiladi.

“Tez” hazm bo‘ladigan uglevodlarni kamroq iste’mol qiling

Tarkibida tozalangan uglevodlar bisyor bo‘lgan mahsulotlar, masalan, oq non, oliy navli makaronlarni iste’mol qilish ter ajralishini jadallashtirish xususiyatiga ega. Qolaversa, tez singadigan uglevodlar bakteriya va zamburug‘larning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratadi. Aynan shu sabab ham ratsionga e’tiborli bo‘lish va oqsil, foydali yog‘lar hamda murakkab uglevodlarga boy mahsulotlardan tayyorlangan bo‘tqalar, meva hamda sabzavotlarni kanda qilmaslik kerak.

Poyabzalni tez-tez almashtirib turing

Har kuni bir poyabzal kiyilganda, uni qurishi uchun uchun imkon berilmaydi. Shu sabab ham har mavsum uchun bir necha juft oyoq kiyim xarid qilib, uni har kuni almashtirib kiyishga harakat qiling. Kiyilgan poyabzalni yetarlicha yorug‘ va ochiq joyda yaxshilab quriting.

Oyoqlar uchun muolaja

Ikki litr iliq suvga bir stakan olmali sirka, yarim stakan tuz va 10 tomchi efir yog‘i soling. Aralashmaga oyoqlaringizni 30 daqiqa soling. Yaxshi samara berishi uchun ushbu muolajani har kuni takrorlang.

Kremdan foydalaning

Uyquga yotishdan avval oyoqlaringizga tarkibida efir yog‘i va antibakterial xususiyatiga ega bo‘lgan krem yoki maz surting. Ular zamburug‘li infeksiyalarni oldini oladi.

Bolalar “prisipka”sini xarid qiling

Kun davomida oyoqlar terlashidan xalos bo‘lish uchun “prisipka”dan foydalanish tavsiya qilinadi. Kukun ortiqcha namlikni bartaraf qilib qulaylikni ta’minlaydi. Uni paypoq yoki yupqa kolgotka ichidan surtish maqsadga muvofiqdir.

Oyoqlar “nafas oladigan” matodan tikilgan poyabzallarni tanlang

Oyoqlari muntazam ravishda terlaydigan kishilarga sintetik matodan tikilgan poyabzallarni tanlash tavsiya qilinmaydi. Tabiiy ventilyatsiya bo‘lmaganda bundan oyoq kiyimlarda namlik to‘planadi va bu zamburug‘ hamda bakterial infeksiyalarning ko‘payishi xavfini orttiradi. Aynan shu sabab ham sifatli, oyoqlar “nafas oladigan” tabiiy charm yoki boshqa matolardan tikilgan poyabzallarni sotib olish tavsiya qilinadi.