Internetda Xitoy ko‘chalari bo‘ylab harakatlanayotgan Toyota Camry sedani kutilmaganda portlab ketgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Rolikdan ko‘rish mumkinki, birinchi portlash yagona va, aftidan, eng kuchlisi emas: olov qurshovida qolgan sedan biroz vaqtdan so‘ng yana bir bor portlagan, bu safar olov va tutundan hatto qo‘ziqorinsimon bulut paydo bo‘lgan. Shundan keyin avtomobil yana bir — so‘nggi marta portlagan, deb xabar beradi Motor.

Kadr: YouTube

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Camry haydovchisi birinchi portlashdan so‘ng avtomobil ichidan chiqishga muvaffaq bo‘lgani sabab unga hech narsa qilmagan. Video e’lon qilingan YouTube’dagi kanalda qayd etilishicha, mashina tabiiy gazda harakatlanayotgan bo‘lgan. Ammo Toyota Camry Classical’ning bu kabi versiyalari Xitoyda sotuvga chiqarilmaydi: ularga 2,0 va 2,4 litrli an’anaviy motorlar o‘rnatiladi.

Taxminlarga ko‘ra, gaz ballonli qurilma Camry’ga avtomobil egasi tomonidan o‘rnatilgan, xususan, yaxshi o‘rnatilmagan — bu yuzaga kelgan ko‘plab portlashlarga izoh bo‘la oladi.

Reddit tarmog‘ida bu haqida yana bir fikr tarqaldi: foydalanuvchilardan biri ko‘ngilsiz hodisaga motor emas, balki Camry yukxonasida olib ketilayotgan tabiiy gazli ballon yoki propan sababchi bo‘lgan deb hisoblamoqda.

Avvalroq Ilon Mask tomonidan 11-iyun kuni taqdim etilgan yangi Tesla Model S Plaid harakat vaqtida yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.