“Yuksalish” umummilliy harakati jamiyatda mehnati, ilmi, jasorati bilan namuna va o‘rnak bo‘ladigan, O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shayotgan insonlarni topish, keng ommaga tanitish maqsadida “Oramizdagi qahramonlar” loyihasini boshlagan. Shu yilning fevralida loyihaning 14 nafar g‘olibi taqdirlangan edi. “Daryo” mana shu oddiy, kamtar, ishiga sodiq qahramonlarni yaqindan tanishtiradi.

Gulnora Mahkamova.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Gulnora Mahkamova — 1980-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 17 yoshidan surdotarjimonlik qiladi. 24 yildan beri Karlar jamiyatida ishlaydi. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan (keyingi o‘rinlarda — EVGICh) insonlar uchun davlat tadbirlari, Prezident tashriflari, turli yangiliklarni televideniye orqali surdo tilida tarjima qiladi. Qolaversa, pandemiya boshlangan ilk kunlardan bugungacha o‘quvchilar uchun onlayn darslarning surdotarjimasini tayyorlagan fidoyilardan. “Ta’lim sohasi bilan bog‘liq beg‘araz tashabbus ko‘rsatish” nominatsiyasi bo‘yicha “Oramizdagi qahramon” deb topilgan.

Surdotarjimon bo‘lishimga qo‘shnilarim sababchi

Ota-onamning yolg‘iz farzandiman. Opa-singil, aka-ukasi borlar sirdoshga, tayanchga uncha ehtiyoj sezmaydi. Barini tug‘ishganlaridan topadi. Men esa onamga suyandim. Alloh o‘zimga uch qiz berdi. Ular baxtim. Imkoniyati cheklangan insonlarni tushunsin, ular bilan surdo tilida gaplashib, yordami tegsin, deb qizlarimga ham olayotgan har ilmi va hunarini imo-ishora bilan o‘rgataman.

To‘ng‘ichim E’zoza 19 yoshda. Jahon tillari universitetida o‘qiydi. O‘tgan yili karantin payti “Bolajon” telekanalida EVGICh bolalar uchun ingliz tilidagi “Funny English” dasturi va o‘zbek tilidagi multfilmlar surdotarjimasini qildi. O‘rtancham 11 da, kenjam 8 yashar. Turmush o‘rtog‘im bilan tengdoshmiz. Yaxshi inson. Har qanday holatda meni qo‘llab-quvvatlaydi.

Gulnora opaning to‘ng‘ich qizi E’zoza maktabni oltin medal bilan tamomlagan, u ham surdotarjimonlikni o‘rganmoqda.

Foto: Gulnora Mahkamovaning shaxsiy arxividan

Ishim o‘zimga yoqadi va 24 yilki shu sohadaman. Bolaligimda na gapira oladigan, na eshitib, so‘zlay biladigan er-xotin qo‘shnilarimiz bo‘lardi. Qo‘li bilan turli imo-ishoralar qilayotganini ko‘rib, hayron qolardim. Vaqt o‘tib, gap nimadaligini tushunganman. Ular bilan shunchalik suhbatlashgim kelardiki, 11 ga kirganimda surdo tilini o‘rgana boshladim.

Karlar jamiyatida ish boshlaganimdan 3 yil o‘tib Pedagogika institutining maktabgacha ta’lim fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdim. Shundan so‘ng EVGICh bolalar bilan ishlashni boshladim. Hayot yo‘llarim shunday bolajonlar-u insonlarga bog‘langanidan minnatdorman.

Tadbirda tarjimonlik qilayotib… mukofotlandim

24 yillik faoliyatimda ilk olgan mukofotim “Yuksalish”niki bo‘ldi. U ham tasodif sabab, menimcha. Besh kunlik tadbirga tarjimonlikka chaqirishdi. Oxirgi kunida “Oramizdagi qahramonlar” loyihasining taqdirlash marosimi bo‘ldi. Mukofotlar birma-bir topshirilar, men esa tadbirni tarjima qilib turibman. Bir payt: “Besh kundan beri yordamini ayamayotgan, 24 yildirki EVGICh insonlar uchun tarjimonlik qilib, karantinda ham beminnat ko‘mak bergan surdotarjimonimiz — Gulnora Mahkamova turibdilar. Gulnora opa navbatdagi qahramonimiz”, — deyishdi.

Gulnora Mahkamova “Yuksalish” umummilliy harakatining “Oramizdagi qahramonlar” mukofoti bilan.

Foto: Gulnora Mahkamovaning shaxsiy arxividan

Biz ko‘pincha tez ishlashimizga to‘g‘ri keladi va ba’zan aytilgan gapni to‘liq anglamay tarjima qilamiz-qo‘yamiz. Tadbirda ham boshlovchi nutqini tarjima qildim-u, keyin chaqirilgan nomzod o‘zim ekanimni payqab qoldim. Sahnaga chiqib, mukofotni olyapman-u, butun hayotim ko‘z oldimdan o‘tadi. Qariyb chorak asr umrimni shu sohaga bag‘ishlabman-a! U orqali go‘zal hayotimni qurdim. Ko‘p narsaga erishdim. Endi kasbim ortidan e’tirofga ham munosib ko‘rildim. Quvonch yoshi to‘kaverib, rahmat ham aytolmadim o‘shanda.

“Yuksalish” xodimlaridan birining ta’kidlashicha, Gulnora Mahkamova sahnada kashf etilgan “oramizdagi qahramonlar”dan. “Faol fuqarolar festivali davomida surdotarjimonlik qilib, jamoaning e’tiboriga tushgan. Qahramonimiz haqida ma’lumot izlaganimizda uning eshitish va gapirishda nuqsoni bor xalqimizga nafaqat tarjimon, balki oddiy inson sifatida ham katta yordami tegayotgani, EVGICh bolalarning ta’limi uchun jonbozlik ko‘rsatayotgani haqida bildik. Taqdirlashdan bir kun oldin Gulnoraning nomzodi jamoa tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, mukofot topshirilgan edi”, — deydi xodim.

Nuqsoni bor ota-onadan uyalish — bu ojizlik

Hammamiz hayotga sinov uchun kelganmiz. Alloh bir bandasini boshqa bandasi orqali sinaydi. Qandaydir nuqson bilan yaratilgan insonlar qay birimizgadir sinov bo‘lishi mumkin. Ular ko‘p hollarda o‘z yaqinlari, oila a’zolari tomonidan ham qabul qilinmaydi. Farzandlar EVGICh ota-onasidan uyalishadi. Ko‘chada ular bilan yurishni, birovning oldida gapirishni xohlashmaydi. Dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan insonlardan uyalish — ojizlik. Yaratgan imkoniyati cheklanganlarning sabri uchun farzandini mukofotlagan, aziz qilgan qanchadan qancha holatlarga guvoh bo‘lamiz.

Turli tushunmovchiliklar sabab eshitmaydigan va gapirolmaydiganlarning ota-onalari, yaqinlari Karlar jamiyatiga murojaat qilishadi. “Meni tushunmayapti. Bu kar-soqov-da. O‘zingiz nimadir deb qo‘ying”, — deyishadi. Bizda bor his-tuyg‘u ularda ham bor. Tinglansa, qo‘lidan tutib mehr berilsa, ular ham dardini aytishadi, tushunishadi. Bunday paytlarda iloji bo‘lsa, murojaat qilganlarning uylariga borib, vaziyatni yengillatishga harakat qilamiz. Ikki tarafni murosaga keltirib, o‘rtadagi tushunmovchilikni ochiqlashga urinamiz.

Gulnora Mahkamova.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

EVGIChlarni qayerdadir ko‘rib qolsam, so‘rashib, biror muammosi bormi-yo‘qmi, qiziqaman. Tasavvur qiling, metro bekatidasiz. Atrofingizda odamlar. Poyezdlar harakatlanyapti. Ko‘zingiz ko‘rmoqda, lekin eshitmayapsiz. Jim-jitlik. Kimdir yo‘talganda yoki gapirganda odamlar qaradi. Ammo siz ular nimaga va qayerga qarayotganini bilmayapsiz. Bu juda og‘ir. O‘sha vaziyatda kimdir yoningizga kelib, siz bilan o‘zingiz tushunadigan va qo‘llay oladigan tilda gaplashishini xohlaysiz. Afsuski, bunday bo‘lmaydi. Boshqa safar ko‘chaga chiqish kerak bo‘lib qolganda o‘zingizni orqaga tortasiz. Chiqmaslik uchun bahonalar topib, bora-bora odamovi bo‘lib qolasiz. Mana shu vaziyatda birgina hol-ahvol so‘rash ularga nechog‘lik ulkan dalda bo‘lishini o‘ylab ko‘ring-a!

Karantin paytida EVGIChlar juda qiynaldi. Oziq-ovqat yetishmovchiligi bo‘ldi. Ehtiyojmandlarga homiylik xayriyalarini muvofiqlashtiruvchi 1197 qisqa raqamiga bog‘lanishi va tushgan xayriyalar ularga yo‘naltirilishi aytildi. Ammo bu raqamga bog‘lanib bo‘lmadi. Qolaversa, gapirolmaydigan va eshitmaydigan inson telefonda dardini qanday aytsin? Hammaning ham bolasi, yaqin qarindoshi bo‘lmasligi, qo‘shnilari yordam berolmasligi mumkin-ku! Qaror yoki qonunlar chiqarilayotganda barchaning manfaati ko‘zlanishi shart.

Gulnora Mahkamova shu o‘rinda O‘zbekistondagi aloqa kompaniyalariga EVGICh insonlar uchun internet narxini pasaytirish taklifi bilan murojaat qildi. “Biz mushkulimizni yengil qilish uchun telefonimizdagi SMS, qo‘ng‘iroq, videoqo‘ng‘iroq, turli messenjerlardan foydalana olamiz. Birida imkonimiz bo‘lmasa, boshqasini tanlaymiz. Ammo EVGICh insonlarda tanlov yo‘q. Ular faqat videoqo‘ng‘iroq orqali muloqot qila oladi. O‘zimiz ular bilan gaplashmaydigan, surdo tilini bilmagan bir paytda, hech qursa, videoqo‘ng‘iroqlar uchun kerak bo‘ladigan internet narxini pasaytirib, agar imkoni bo‘lsa tekin qilishimiz kerak. Ular biz singari o‘quv markazlari, kasb-hunar maktablariga borisholmaydi. Yagona yo‘li ijtimoiy tarmoqlardan ko‘rib o‘rganish. Buning uchun ham internet kerak. Telefon biz uchun shunchaki vosita bo‘lsa, ular uchun hamma narsa. Ko‘p emas, bir necha o‘n minglik aholi qatlami uchun O‘zbekistondagi barcha aloqa kompaniyalarini ushbu savobli va xayrli ishga chorlab qolaman”, — deya ta’kidladi u.

Surdotarjimon yetishmasligi — kam maosh va sohadagi muammoga bog‘liq

Yurtimizdagi 23 mingdan ortiq eshitish va gapirish imkoni cheklangan insonga ko‘mak beradigan surdotarjimon behad kam.

16 yoshdan oshgan EVGICh kishi Karlar jamiyati a’zosi hisoblanadi. Bugun jamiyatning 18 mingdan ortiq a’zosi mavjud. Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim oladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda 3808 nafar EVGICh, 1259 nafar zaif eshituvchi bola ta’lim oladi. Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 23 mingdan ortiq EVGICh inson mavjud.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Buning ustiga, aholining o‘zi ham oddiy imo-ishora bilan bo‘lsa-da muloqot qilolmaydi. Qizig‘i, EVGIChlarning farzandlari tarjimon bo‘la oladi. Buning uchun ularga maxsus ta’lim shart ham emas. Axir, surdo tili bu bolalarning ona tili-ku. Ular imo-ishoralar orqali so‘zlarni aytib, til chiqaradi. Ammo yo‘l xarajatlarini ham qoplamaydigan maosh ularni bundan to‘xtatib turibdi. Karlar jamiyatida ishlaydigan surdotarjimonlar 700 ming so‘m oylik oladi. Men televideniyedan alohida haq olaman. Lekin hamma ham telekanallarda ishlayvermaydi.

Karlar jamiyatiga surdo tilini biladigan huquqshunos ham kerak. To‘g‘ri, yuristlar bor, lekin ko‘pining ish joyi bo‘lak. Boshqa tashkilotdan oladigan maoshini biz ham to‘lay olganimizda edi, ehtimol, imkoniyati cheklangan taqdirlarning hayotiga andak nur kiritgan bo‘larmidik...

Chegaralanmagan qirralar

EVGICh bolalarda barmoq va kaftlarning tuzilishi boshqacha bo‘ladi. Biz gapirganimizda ovozimiz nutqimizning qay darajada chiroyli jaranglashini ta’minlasa, ularning barmoqlari imo-ishoralarning turli chiqishida muhim rol o‘ynaydi. Ayrimlari qo‘l harakatlarini ko‘proq o‘ng tarafda qilsa, boshqasi chap tarafni ma’qul topadi. Bu ularning psixologiyasi, xarakteriga bog‘liq.

Surdotarjima bo‘yicha mashg‘ulotlar.

Foto: Gulnora Mahkamovaning shaxsiy arxividan

EVGICh insonlarning xotirasi juda kuchli bo‘ladi. Ular bilan bir marta gaplashsangiz, sizni qayerda uchratgani, qaysi kiyimda ekaningiz va qanday munosabatda bo‘lganingizgacha oradan ancha yillar o‘tsa ham so‘zlab beradi.

Eshitmaydigan va gapirolmaydigan qizga sog‘lom yigit uylanganini shu yoshgacha ko‘rmadim

Ulg‘aygach o‘zimizga yelkadosh, sirdosh insonni qidiramiz. Umr yo‘limizni bog‘lagimiz keladi. Imkoniyati cheklangan kishilarda esa turmush tashvishi biznikidek bo‘lmaydi. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan ikki insonning oila qurib, baxtli yashayotganini uchratamiz.

EVGICh yigitga gapira oladigan qiz turmushga chiqadi, lekin eshitmaydigan va gapirolmaydigan qizga sog‘lom yigit uylanganini shu yoshgacha ko‘rmadim. Erkaklar bunday ayol-qizlarni mensishmaydi. Eshitmaydi, deb ko‘ngli tusaganini gapirishi, masxaralashi mumkin. Ayol xilqati esa bunga chidolmaydi. Agar ko‘ngil qo‘yib uylanishni xohlaydigan yigitlar bo‘lsa ham buni jamiyat qabul qilmaydi.

Nima uchun qizlarning imkoniyati cheklangan yigitga turmushga chiqishi tabiiydek qabul qilinadi-yu, yigitlarning bunday qizlarga uylanishi g‘ayritabiiy tuyuladi!? Ularda ham barcha ayollar singari nafosat, nazokat bor, faqat gapirolmaydi, xolos. Aslida qalblar yaqin bo‘lsa, bu ham muammo emas. Imo-ishoralar bilan ham gaplashish mumkin-ku!

Gulnora Mahkamova.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Surdo tilini biladigan militsioner yo‘qligi sabab bir beguhon inson necha kun qamoqda qolib ketgan

Nafaqat tarjimonlar, balki aholiga xizmat ko‘rsatadigan boshqa soha vakillari ham surdo tilini bilishi kerak. Do‘kon sotuvchisi, shifokor, Milliy gvardiya xodimi, chiptachi va haydovchi, qorovul, hokimiyat vakili, Pensiya jamg‘armasi, bojxona xizmati, bank xodimlari, umuman, jamoat uchun xizmat ko‘rsatadigan barcha kasb egalari surdo tilining o‘z sohasiga aloqador ishoralarini qo‘llay olishi kerak.

Ko‘zi yorish arafasidagi EVGICh ayol nimalar boshidan o‘tayotganini doyaga aytolmay, jon azobida qiynalgan, hatto farzandini dunyoga keltirolmagan holatlar haqida eshitganmiz. Bunday insonlarning jinoyat qilib yoki gumonlanib, tergovga olib ketilgani, u bilan gaplasha oladigan xodim topilmasligi sabab ruhiy bosimga uchragan holatlariga ham guvoh bo‘lganmiz.

Bir EVGICh erkak do‘kondan narsa olayotganda qo‘lidagini kassirga ko‘rsatmay, boshqa mahsulotlarni ko‘rish uchun do‘kon aylangisi keladi. Kassir esa uni o‘g‘ri deb o‘ylab, ichki ishlar xodimlarini chaqiradi. Erkakni tergov qilish uchun olib ketishadi-yu, u bilan gaplasha oladigan xodim topilmagach meni yordamga chaqirishadi. U shu muddatgacha bir necha kun qamoqxonada ham saqlangan.

O‘g‘rilikda gumonlanayotgan o‘sha kishi bilan gaplashganimda, buyumni sotib olmoqchi bo‘lgani, kassirning nima deyayotganini tushunmay, qo‘rqqanidan do‘kon aylanganini aytdi. Do‘konga borib, kameralardagi yozuvlarni tekshirsak, holat chindan ham shunday bo‘lgan ekan. Erkakni qo‘yib yuborishdi. Lekin EVGICh bu inson bir necha kun qamoqxonada gap nimadaligini bilolmay qolib ketdi. Ruhan og‘ir zarbaga uchradi.

Agar ichki ishlar tizimida surdo tilini oz bo‘lsa-da biladigan bittagina xodim bo‘lganda, biz borgunimizcha u bilan gaplashib, hech qursa vaziyatni tushuntirib turardi.

Aloqa tili soyada qolib ketmasin

Xorijiy tillarni o‘quv markazlarida bemalol o‘rgana olasiz. Mustaqil o‘zlashtirish uchun ham manbalar yetarli. Turli imtiyoz, rag‘batlar talaygina. Til biladigan xodimga qo‘shimcha maosh beriladi. Chet tilini bilganning qadri bilmagannikidan yuqoriroq. Surdo tili ham xorijiy tilga o‘xshaydi. Undan ham o‘n minglab odam foydalanadi. Insonlar bilan aloqa tili parda ortida, soyada qolib ketmasligi kerak.

Gulnora Mahkamova yuqori darajadagi ko‘plab tadbirlarda ham surdotarjimonlik qiladi.

Foto: Gulnora Mahkamovaning shaxsiy arxividan

Surdo tilini biladigan istalgan kasb egasi, masalan, shifokorga yuqoriroq ustama haq berilsa, boshqa shifokorlar ham shuni o‘rganishga intiladi. To‘liq emas, ma’lum belgilangan miqdorda bilsa ham, favqulodda holatlarda surdotarjimonga ehtiyoj sezilmasligi, ehtimol, tarjimon kelguncha zarur yordam ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, bu imtiyoz va rag‘batlar tilni ommalashtirib, EVGICh insonlar bilan bizning oramizdagi uzoq masofani qisqartiradi. Shunda ular ham o‘zlarini jamiyatning begona qatlamidek his qilishmaydi. Birgina e’tibor ortidan minglab insonlarning hayoti yaxshilanishiga erishish mumkin.

Surdo ta’limining o‘ziga xosliklari

Bu tilni o‘rganishimda maxsus ustoz ko‘rmaganman. EVGIChlar tilini aynan shu odamlarning o‘zidan o‘rganganman. Ular menga nafaqat ilmda ustozlik qildi, balki hayotni ham o‘rgatdi. Surdo tilini o‘rganishning eng samarali usuli — EVGIChlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish. Imkoniyati cheklangan bolalar maktabidagi surdopedagoglarning mahoratini oshirish uchun turli darslar o‘tamiz.

Kuzatishlar asnosida ularning amaliyotida muayyan kamchiliklar borligi sezildi. Eshitmaydigan va gapirolmaydigan insonga xatosini aytish uchun ehtiyotkorlik nechog‘lik muhim bo‘lsa, ularning ustozlariga ham shunday munosabatda bo‘lish kerak. Tanqidlar to‘g‘ri qabul qilinmay turli salbiy ta’sirlarga ham olib kelishi mumkin. Agar kam sonli surdopedagoglarimiz ham tanqidni ko‘tarolmay, sohani tashlab ketsa, jabrini o‘zimiz tortamiz.

MDH davlatlarining barida surdo tili bir xil. Artikulyatsiyamizda farqlanish bo‘lishi mumkin, ammo ishoralar aynan. Ustozlarga MDHda foydalanadigan sof surdo tilini ko‘rsatib, ishoralarni asl holida qo‘llang, desak o‘zimizga foyda. Shunda xatolarni to‘g‘rilash osonlashadi.

EVGIChlar bilan muloqot chog‘i ularning ruhiy holatini bilish-sezish juda muhim. Ularning noroziligi yuz-ko‘zi, qoshlarining ifodasida, barmoqlarining harakatida aks etadi. Chimirilgan qoshlar, tirishgan yuz, tarang va tez qo‘l harakati ularning asabiyligidan darak. Birgina nim tabassumning ular bilan gaplashishga kifoya qilgulik kuchi bor. EVGICh bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir sinfida, taxminan, 5—6 bola o‘qiydi. Surdopedagoglarga ularga doimo kulib gapirishi, mehribon bo‘lishini aytib boraman.

Surdotarjima bo‘yicha mashg‘ulotlar.

Foto: Gulnora Mahkamovaning shaxsiy arxividan

Quvontiradigan xabarlar ham yo‘q emas. 2021-yilning aprel—may oylari barakali bo‘ldi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi EVGICh fuqarolar uchun kompyuter kurslarini tashkil etdi. Biz ham qarab turmadik. To‘rt hamkasbim bilan 60 nafar yoshning kursni tugatishiga ko‘maklashdik. Qolaversa, bir paytda 60 nafar pedagogga malaka oshirish darslarini o‘tdik.

Ta’limdagi diskriminatsiya

EVGICh bolalar maktablarida ingliz tili darsi o‘tilmaydi. Chunki bu tilni biladigan surdopedagog yo‘q. Pedagog yo‘qmi, demak, ingliz tili onlayn darslar tarjimasi ham yo‘q. Qizim E’zoza ingliz tilini bilgani uchun “Bolajon” telekanalidagi “Funny English” dasturining surdo tarjimasini qildi. O‘zbekistonda bu borada tajriba kamligi, EVGICh bolalarning ingliz tilini bilmasligi inobatga olinib, artikulyatsiyani ingliz tilida, ishoralarni esa o‘zbek tilida qildi. Bu uning surdotarjimonlikdagi ilk ishi edi. Shungami, bu loyihaga avval unamadi, qo‘rqdi.

Gulnora opaning qizi E’zoza “Bolajon” telekanalida ingliz tilidagi ko‘rsatuvlarning surdotarjimoni sifatida ishlamoqda.

Kadr: “Bolajon” telekanali

Lekin ushbu taklif katta amaliyot bo‘lishi, tajribasi oshishini aytib uni ko‘ndirdim. Qolaversa, jamiyatimiz EVGICh insonlar ham til o‘rgana olishi, ta’lim tizimidagilar esa ingliz tilini biladigan surdopedagoglarni tayyorlash mumkinligini bilsin, degan maqsadda shu qarorga kelgandim. Agar o‘zimizda til biladigan surdopedagoglarni tayyorlash uchun infratuzilma bo‘lmasa, chet elda o‘qitib, malakasini oshirish tizimini joriy etish kerak. Ta’limga ajratilayotgan milliardlab mablag‘lar va imtiyozlardan bu tizimning ham foydalanishga haqi bor.

EVGICh bolasi bor oila ingliz tili muloqot tili bo‘lgan biror xorijiy mamlakatga yashash uchun ketsa, tabiiyki, bolalarining o‘qishi o‘sha yerga ko‘chadi. Maktab ta’limining ma’lum qismi o‘zbekcha bo‘lgan EVGICh bola keyingi ta’limni ingliz tilida qanday davom ettiradi? Imkoniyati cheklangan degani — ta’lim va yaxshi hayotning imkoniyatlaridan mahrum degani emas.

To‘g‘ri, Toshkent shahrida EVGICh bolalarga ta’lim berishga ixtisoslashgan 101, 102, 106-maktablarning sharoitlari yaxshiligini e’tirof etish kerak. Ammo bunday infratuzilma va risoladagidek sharoit o‘tkinchidek, nazarimda. Maktabni tugatib ketayotgan bola ularni o‘zi bilan olib ketolmaydi-ku! Bolalarimizga nafaqat yaxshi sharoitni, shuningdek, ta’limdagi sifat va xilma-xillikni ham taqdim etishimiz vazifamiz.

EVGIChlarda axborot bo‘shlig‘i bo‘lmasligi kerak

2020-yil aprel oyida, virus har kun kimnidir taslim etayotganda “O‘zbekiston 24” telekanalidan “Yangiliklar 24” dasturiga surdotarjimonlik qilib berasizmi, deb telefon qilishdi. O‘ylab o‘tirmay, mayli deganman. EVGICh odamlarning ham bizga o‘xshab yangiliklarni bilishga haqi bor. O‘zbekistonga virus kirib kelganda hamma cheklovlar ketma-ket o‘rnatildi. Yo‘llar yopildi, himoya niqoblarisiz ko‘chaga chiqib bo‘lmadi. Ko‘p o‘tmay uydan ham chiqolmay qoldik.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

EVGICh odamlarning hammasi ham yaqinlari bilan yashamaydi. Ularga to‘g‘ri va xolis ma’lumotlarni berish esa bizning burchimiz edi. Har kuni uydan chiqib ketayotganda bolalarim va oilamning xavfsizligini o‘ylardim. Lekin Alloh bizni boshqa bandasiga yordam berish uchun sababchi qilib qo‘yganda o‘zigagina tavakkal qilish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Shukrki, bu murakkab davrni ham eson-omon o‘tkazib oldik.

Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan aholimiz uchun masjidlarda surdotarjimonlar qo‘yilishi e’tirof etishimiz kerak bo‘lgan ishlardan. O‘tgan bir necha yillar davomida EVGICh insonlar dinimizga oid to‘g‘ri ma’lumotlarni olmagani uchunmi yo‘ldan adashib, turli oqimlarga qo‘shilib ketdi. Missionerlar va turli diniy harakatlar surdotarjimonlar orqali ularni o‘zlariga ergashtirib oldi.

Eshitolmaydigan va gapirolmaydigan odamga to‘g‘ri ma’lumotni o‘zimiz bermaganimizdan keyin, tabiiyki, ular eshitishi uchun ma’lumot berganlarga ishonishadi. Agar axborotga bo‘lgan bo‘shliqni o‘zimiz to‘ldirmasak, bu vazifa boshqalarning qo‘lida qolib ketadi.

Surdotarjimonlik — qismatim

Eshitish va gapirish imkoni cheklanganlarga baqiradigan, ularni kamsitadigan va buni ko‘rib, indamaydiganlaga aytar so‘zim: Xudodan qo‘rqing! Ular qiynalganini aytolmaganda, buni odamlarga yetkazish mening, umuman, surdo tilini biladigan barchaning bo‘ynida.

Gulnora Mahkamova.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ko‘plab taqdirlarning orasidan shu vazifani bajarish uchun biz tanlanganmiz. Uni tashlab ketish niyatim hech qachon bo‘lmagan. Agar Yaratgan menga kuch-quvvat, sabr bersa, hali uzoq ishlayman. Qaysidir ojiz insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan ishimni nega tashlab ketishim kerak?! Alloh mehnatlarimning ajrini ham ziyoda qilmoqda.

Muallif:Ziyoda Ramazonova