Leonardo da Vinchi tomonidan chizilgan ayiq boshining surati Christie’s auksioni orqali 8,86 million funtga sotildi, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Christie’s

Auksion boshlanguniga qadar ayiq boshining xomaki chizmasi 8-12 million funtga baholangan edi. U o‘lchami 7 x 7 santimetr bo‘lgan pushti-sarg‘ish rangdagi qog‘ozga kumush igna yordamida chizilgan. Leonardo da Vinchiga bu kabi usulda surat chizishni florensiyalik rassom Andrea del Verrokko o‘rgatgan.

Taxminlarga ko‘ra, surat 1480-yillarning birinchi yarmida chizilgan. Bu dunyoga mashhur rassomning xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan sakkizta ishidan biri hisoblanadi.

Foto: Christie’s

Leonardo da Vinchining ijodiga mansub bundan oldingi rekord 2001-yilda o‘rnatilgan edi — o‘shanda “Ot va chavandoz” surati 8,1 million funtga sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning noyabrida Italiyada Leonardo da Vinchining noma’lum eskizi topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Leonardo da Vinchi tomonidan qizil bo‘rda chizilgan surat uzoq vaqt xususiy kolleksionerlardan birida saqlangan. Keyinroq uni Italiya shimolidagi Lekko shahrida yashovchi kolleksioner sotib olgan.