6-iyul kungi birja savdolari yakunlariga ko‘ra, Amazon asoschisi Jeff Bezosning boyligi 8,44 milliard dollarga o‘sib, 211 milliard dollarga yetdi. Bu rekord ko‘rsatkich, deb yozadi Bloomberg.
Bundan avvalgi maksimal ko‘rsatkich yanvar oyida qayd etilgan. O‘shanda Tesla va SpaceX rahbari Ilon Maskning boyligi 210 milliard dollarga yetgandi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Maskning boyligi 181 milliard dollargacha kamaygan.
Mart oyining o‘rtalaridan buyon Amazon aksiyalarining qariyb 20 foizga o‘sishi fonida Bezosning boyligi ham o‘smoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, bunday o‘sishga Pentagonning 2019-yilda Microsoft bilan tuzgan 10 milliard dollarlik “bulutli” saqlash infratuzilmasini yaratish bo‘yicha shartnomani bekor qilishi haqidagi yangiliklar ham ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq Bezos sud orqali ushbu shartnomani to‘xtatib turishga erishgan edi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp unga nisbatan shaxsiy xusumat bilan qaragani sababli tenderda Amazon emas, Microsoft yutib chiqqan. Endi Pentagon bir emas, balki bir nechta ta’minotchilar bilan yangi shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda. Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala bo‘yicha Oracle, IBM va Google bilan ham muzokaralar o‘tkazilishi mumkin.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Bezos eng boy odamlar reytingida birinchi o‘rinda turadi (211 milliard dollar; Forbes esa biznesmenning boyligini 210,2 milliard dollarga baholamoqda). Ikkinchi o‘rindan Ilon Mask (181 milliard dollar), uchinchi o‘rindan 169 milliard dollar boyligi bilan LVMH (Louis Vuitton Moet Hennessy) kompaniyalar guruhining prezidenti Bernard Arno joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyul kuni Jeff Bezos Amazon bosh direktori lavozimidan ketdi. Lavozim Amazon Web Services kompaniyasi sobiq rahbari Endryu Jessiga topshirildi. Biroq Bezos boshqaruv kengashi raisi bo‘lib qoladi.
57 yoshli Bezos endilikda kompaniyaning istiqbolli mahsulotlariga e’tiborini qaratmoqchi va boshqa aktivlariga, shu jumladan, xayriya fondlari, The Washington Post gazetasi va Blue Origin kosmik kompaniyasiga ko‘proq vaqt ajratish niyatida.
Jeff Bezos 20-iyul kuni Blue Origin kompaniyasining kosmik kemasida ukasi Mark Bezos bilan suborbital parvozni amalga oshiradi. Shuningdek, Bezos 82 yoshli amerikalik uchuvchi ayol Uolli Fankni o‘zi bilan birga koinotga uchishga taklif qildi.