Hind kino yulduzi Amir Xon rafiqasi Kiran Rao bilan ajrashayotgani haqida rasman ma’lum qilgan. Juftlikning 15 yillik turmushi davomida Azad ismli o‘g‘il farzand dunyoga kelgan, deb yozadi Bollywood Time.
“Birga o‘tkazgan 15 yillik go‘zal turmushimiz davomida biz tajriba, baxt, kulgiga to‘la butun hayotni boshdan kechirdik va bizning munosabatlarimiz ishonch, hurmat va sevgi bilan mustahkamlandi. Endilikda er va xotin sifatida emas, o‘g‘limizning ota-onasi va bir-birimiz uchun oila sifatida hayotimizning yangi sahifasini boshlash istagidamiz. Bir muddat avval rejali ajrashishni boshlagan edik va endilikda yangi munosabatimiz ko‘rinishini rasmiylashtirish, shu bilan birga katta oilalar singari hayotimizni baham ko‘rishdan o‘zimizni juda ham yaxshi his qilyapmiz. Biz o‘g‘limiz Azadga sodiq ota-ona bo‘lib qolamiz. Uni birga ulg‘aytiramiz va tarbiyalaymiz. Shuningdek, filmlarda, Panni fondi va bizga yoqadigan boshqa loyihalarda hammuallif sifatida ishlashda davom etamiz.
Bizni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlagani, vaziyatni tushungani uchun oila a’zolarimiz va do‘stlarimizga katta rahmat. Ularsiz bu qadamni tashlashga ishonch topa olmagan bo‘lar edik. Muxlislarimizdan bizga omad tilashlari va bizni duo qilishlarini so‘raymiz. Umid qilamizki, sizlar ham biz singari ajrashishimizga yakun emas, yangi sayohatning boshlanishi sifatida munosabatda bo‘lasiz”, — degan juftlik.
Ma’lumot uchun, aktyor rafiqasi Kiran Rao bilan “Lagaan: Bir kuni Hindistonda” filmining suratga olish jarayonida tanishgan. Rao mazkur filmda rejissor yordamchisi bo‘lgan. Munosabatlarini 2005-yil 28-dekabrda nikoh rishtalari bilan mustahkamlagan juftlik farzandli bo‘la olmaganidan keyin surrogat ona yordamidan foydalanishga qaror qilgan. O‘g‘illari Azad 2011-yil dunyoga kelgan.
Kirandan avval Amir Xon Rina Dattega uylangan edi. U bilan 16 yillik turmushiga 2002-yilda nuqta qo‘ygan. Birinchi turmushidan Ayra ismli qiz va Junaid ismli o‘g‘il farzandi bor. Ayra musiqa bilan shug‘ullangan, Junaid esa otasiga suratga olish maydonchasida yordam beradi.
Aktyorning Kiran bilan ajrashishi haqidagi mish-mishlar bunday 5 yil avval tarqalgan va bunga uning “Kurash” filmini suratga olish maydonchasida o‘zidan 27 yosh kichik Fotima Sana Shayxni sevib qolgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Aytishlaricha, aynan Amir Xon Fotimani mashhur qilishga uringan va uni “Hindiston to‘dasi” nomli filmda suratga tushishga ko‘ndirgan. Suratga olish maydonchasida esa tuyg‘ularini yashirmagan. Shunga qaramay, hech kim uni rafiqasini tark etishi haqida o‘ylab ko‘rmagan. Muxlislarni aktyor sevib qolganini tan oladimi yoki yashiradimi degan savol qiynamoqda.