Florida shtati, Mayami yaqinidagi Syorfsayd shaharchasida yarmi qulab tushgan 13 qavatli bino to‘liq buzib tashlandi, deb yozadi Reuters.

Foto: Twitter

Florida shtatiga 6—7-iyul kunlari Elza dovuli yaqinlashishi kutilayotgani sababli shunday qarorga kelingan.

Ishchilar majmua qoldiqlaridagi ustunlarni teshib, ularga kichik portlovchi zaryadlarni joylashtirgan. Shu tarzda binoning qolgan qismi qulatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 24-iyun kuni ertalab ushbu 135 ta xonadondan iborat 13 qavatli bino qulab tushgan. 26-iyun kuni kechga kelib besh kishining jasadi topilgan, ikki yarador esa og‘ir ahvolda edi. 156 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ularni qidirish vaqtincha to‘xtatilgan va buzish ishlaridan keyin qayta tiklanadi.

Bino nima sababdan qulab tushgani noma’lum. Bundan 40 yil avval qurilgan ushbu bino ikki yil oldin tekshirilgan vaqtida “qurilmaning jiddiy shikast ko‘rgani” aniqlangan edi.