Bugun, 29-iyun kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari bilan birga To‘ti Yusupovaning holidan xabar olgani aktrisa xonadoniga tashrif buyurdi.

“Bugun O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbek milliy akademik drama teatri onaxon aktrisasi To‘tixonim Yusupovani yo‘qladik.

Hamisha el ardog‘ida bo‘lgan To‘ti aya bilan suhbatlashdik. Ustoz san’atkor haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlar asossiz, sevimli onaxon aktrisamiz shogirdlari e’zozida. Ustozlarini o‘z onalaridek parvarishlayotgan shogirdlarining mehribonligi To‘ti ayaning teatrdagi bir necha yillar davomidagi ustozlik zahmatlarining samarasidir. Muborak 85 yoshni qarshi olgan onaxon aktrisa bilan suhbatimiz davomida teatr sahnasi, tasvirga olish jarayonlaridagi qiziq voqealarni tingladik.

Ta’kidlash kerakki, teatr sahnasida 65 yil davomida turli obrazdagi betakror siymolarni jonlantirgan aktrisa bir necha kinofilmlar, teleseriallarda ham o‘z ijodiy “muhri”ni qo‘ya olgan sanoqli san’atkorlardan biridir.

Sir emaski, bolaligimizda ekran qarshisidan qimirlamay tomosha qilganimiz “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklidagi Sotti obrazi bugungi avlod tomonidan ham sevib ko‘riladi.

Birgina, “Abdullajon” kinofilmdagi obrazi ham To‘ti Yusupova siymosida o‘zbek ayolini dunyoga tanitdi.

Bu kabi misollarni yuzlab keltirishimiz mumkin. Onaxon san’atkorimiz bilan kechgan samimiy suhbatimiz tugashini istamasakda, vaqt o‘z hukmini aytdi.

To‘ti ayaga sog‘lik-omonlik, yana bir necha yillar, el ardog‘ida bo‘lib yurishini tilab xayrlashdik”, — deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 85 yoshida vafot etganligi haqidagi xabar tarqalib, keyinchalik bu ma’lumot yolg‘on ekanligi ma’lum qilingandi.