Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 85 yoshida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Jumladan, taniqli teleboshlovchi Tolibjon Isroilov shunday xabar qoldirgan: “O‘zbekiston xalq artisti, milliy teatrimiz darg‘alaridan biri, beqiyos mahoratli aktrisa, nihoyatda nurli o‘zbek ayoli, onasi To‘tixonim Yusupova olamdan o‘tibdi. Asllar ketyapti... Alloh jannatidan joy bersin! Inna lillahi va inna ilayhi rojiun!”.

Keyinroq aktrisaning vafot etgani haqidagi xabarlar rad etildi.

Milliy teatr jamoasi 27-aprel kuni To‘ti Yusupova aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirgan edi. Videoda hamkasblari qurshovidagi aktrisa: “Teatrga endi boshqa kela olmasam kerak”, — degan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva 2021-yil may oyida bergan intervyularidan birida To‘ti Yusupovaning ahvoli og‘ir ekanligini bildirgan edi.

Ma’lumot uchun, To‘ti Yusupova 1936-yilning 10-mart kuni Samarqand viloyatida tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. 1957-yildan o‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan. Shuningdek, aktrisa kinoda samarali faoliyat yuritgan.

Teatr sahnasida Hafiza (Abdulla Qahhor, “Shohi so‘zana”), Sonya (A.Chexov, “Vanya tog‘a”), Qorasoch (Uyg‘un, “Shubha”), Hojar (A.Qahhor, “Tobutdan tovush”), Nuri (Oybek, “Qutlug‘ qon”), Ona (E’ Robles, “O‘limdan kuchli”), Xonzoda (Hamza, “Boy ila xizmatchi”), Shafaq (M. Karim, “Oy tutilgan tunda”), Rahima (O‘. Umarbekov, “Komissiya”), Sotti (S.Ahmad, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”), Fotima, Zebi (O‘.Umarbekov, “Shoshma quyosh”, “Qiyomat qarz”), Nodira (T.To‘la, “Nodira”), Mastura (Hamza, “Paranji sirlari”) kabi turli qahramonlar obrazini yaratdi.

To‘ti Yusupova 1994-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan, 2020-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Izoh: Ushbu xabar 27-iyun kuni soat 10:25 da tahrirlandi. Xabarning dastlabki tahririda ijtimoiy tarmoqlardagi taniqli faollarga tayangan holda xalq artistining vafot etgani ta’kidlangan edi. “Daryo” tahririyati mazkur xato va tekshirilmagan axborot orqali yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi.