Ingliz yozuvchisi, jurnalisti va publitsisti Jorj Oruell tavalludiga 25-iyun kuni 118 yil to‘ldi. O‘zbek o‘quvchisi uni, dunyoning istalgan boshqa mamlakatidagi kitobxon kabi, “Molxona” (“Animal Farm: A Fairy Story”) rivoyat-qissasi va “1984” (“Nineteen Eighty-Four”) romanlari orqali taniydi.

Oruell zamonaviy ommaviy va siyosiy madaniyatga hamon ta’sir ko‘rsatib kelayotgan “1984” romanidan avval, 1943—1944-yillarda “Molxona”ni yozgan. Bu qissa, qaysidir ma’noda, “1984”ga kirishish oldidan bir tayyorgarlik edi. Qissada inqilobiy tamoyillar va dasturlar (hammaning teng huquqli ekani va utopiya qurish g‘oyasi) vaqt o‘tishi bilan, bosqichma-bosqich diktatura va totalitarizmga olib borishi ko‘rsatilgan. Munaqqidlarning ta’kidlashicha, “Molxona” Rossiyada 1917-yili yuz bergan inqilob va undan keyingi voqealarga bir o‘xshatishdir — unda avlodlarga muhim vasiyat qoldirgan Leninni ham, hokimiyatni egallab olgan Stalinni ham, Stalinning asosiy dushmani — qochoq Trotskiyni ham ko‘rish mumkin.

“Daryo” yozuvchining tavallud kuni munosabati bilan “Molxona” qissasidan (Karim Bahriyev tarjimasida) ikki kichik parchani mushtariylar e’tiboriga havola qiladi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Cho‘chqalarning xabariga ko‘ra, ular keyingi uch oy mobaynida mister Jonsning bolalaridan qolgan husnixat to‘plamidan eskicha yozuv va o‘qishni bir qadar o‘rganishgan ekan. Napoleon ularni oq va qora bo‘yoqlarni olib kelishga yubordi va o‘zi asosiy yo‘l tomon boshlanadigan joydagi darvozalarga tomon yurdi. Keyin Snouboll (aynan Snouboll, chunki uning yozuvi hammanikidan chiroyliroq edi) ikkiga ayrilgan tuyoqlari orasiga mo‘yqalamni olib, darvozaning yuqori to‘siniga yozilgan “Qo‘rg‘oncha molxonasi” yozuvini o‘chirib tashladi va uning o‘rniga “Hayvonobod” deb yozdi. Bugundan boshlab molxonaning nomi shunday bo‘lishi kerak edi. Shundan so‘ng ular bino tomonga qaytdilar, bu yerda katta omborning orqa devoriga Napoleon va Snoubollning buyruqlariga asosan keltirilgan narvon tirab qo‘yilgan edi. Ularning tushuntirishlariga ko‘ra, ular o‘qish va yozishni o‘rgangan so‘nggi uch oy mobaynida cho‘chqalar hayvonizmning yettita ustuvor tamoyillarini ishlab chiqdilar. Bu yettita tamoyil ombor devorida tarixga muhrlanib qo‘yiladi; ularda rad qilib bo‘lmaydigan shaksiz itoat etiladigan qonunlar aks etadi, molxonadagi barcha jonivorlar bugundan boshlab to oxiratgacha shu qoidalar asosida yashaydilar. Ayrim murakkabliklar bo‘lsa-da (cho‘chqalarning narvonda turishi oson emas), Snouboll yuqoriga chiqdi va ishga kirishdi; bir necha pog‘ona quyida Qichqiriq bo‘yoq solingan idishni ushlab turardi. Hayvonizm arkonlari yog‘ bosgan qora devorga o‘ttiz metr naridan ham o‘qiladigan qilib katta-katta harflarda oq bo‘yoq bilan yozildi. Mana, ular nimalardan iborat edi:

Yetti arkon

  1. Ikki oyoqda yuradigan har kim — dushman.
  2. To‘rt oyoqda yuradigan yoki qanoti bor har kim — birodar.
  3. Hayvonlar kiyim kiymaydilar.
  4. Hayvonlar to‘shakda yotmaydilar.
  5. Hayvonlar sharob ichmaydilar.
  6. Hech bir hayvon boshqa hayvonni o‘ldirishi mumkin emas.
  7. Barcha hayvonlar teng huquqlidir.

Hammasi chiroyli yozildi, faqat “birodar” so‘zi “briodar” tarzida yozilgani va “s” harflaridan biri boshqa tomonga qarab turganini hisobga olmasa ham bo‘ladi. Umuman olganda, hammasi to‘g‘ri tamoyillar edi. Yig‘ilganlar yozilganlarni to‘g‘ri anglab olishlari uchun, Snouboll tamoyillarni baland ovozda o‘qidi. Hamma to‘liq rizolik bildirdi. Ayrim ongli hayvonlar tamoyillarni darhol yod olishga kirishdilar.

* * *

Ajoyib kunlarning birida, aynan qo‘ylar molxonaga qaytgan paytda, hayvonlar ishlarini tugatib, shoshilmasdan molxonaga kelayotganlarida, ular hovlida qo‘rqinchli kishnashni eshitdilar. Hayvonlar hayratdan qotib qoldilar. Bu Kloverning ovozi edi. U yana kishnadi va hayvonlar molxona tomon yugurdilar. Hovliga kirgach, ular Kloverni qo‘rqitgan manzarani ko‘rdilar.

Bu ikkita orqa oyog‘ida odamday tik yurgan cho‘chqa edi.

Ha, bu cho‘chqa Qichqiriq edi. U biroz sarosimalanib yurar, chunki hali o‘z qornini bu holatda ko‘tarib yurishga o‘rganmangan edi, biroq anchayin chaqqon muvozanat saqlardi, shu holda hovlining oxirgacha bordi. Bir daqiqadan so‘ng molxona eshigidan cho‘chqalar saf-saf chiqa boshladi, ularning hammasi orqa oyoqlarida yurib borardi. Ularning ayrimlari yaxshi yurar, boshqalari unchalik yaxshi yurolmas, ba’zilar hatto shu qadar gandiraklardiki, ularga suyanchiq kerak edi, ammo hammalari hovlini shu tariqa bir aylanib chiqishdi. Nihoyat, itning vovullashi va xo‘rozning tantanali qu-qulashi eshitildi, bularning bari Napoleonning tashrif buyurishini anglatardi. Hayvonobod dohiysi, itlar qurshovida olomonga mensimay qaragancha, hovlini gerdaygancha aylanib chiqdi.

Uning tuyoqlari orasiga qamchin tiqilgan edi.

O‘lik bir jimlik ko‘chdi. Hayratlangan va sarosimaga tushgan jonivorlar bir to‘da bo‘lib, hovlida saf tortib tik oyoqda yurayotgan cho‘chqalarni kuzatib turardilar. Go‘yo yer yuzi ostidan ustiga ag‘darilganday edi. Biroq nihoyat, birinchi hayratlanish o‘tdi, hech narsaga qaramasdan — na itlar oldidagi qo‘rquvga, na uzoq yillar tarbiyalangan, nima bo‘lsa-da hech qachon shikoyat qilmaslik, hech qachon gapirmaslik singari odatlarga qaramasdan — norozilik so‘zlari yangradi. Biroq, aynan shu lahzalarda, go‘yoki bir ishora bilan, qo‘ylar baland ovozda ba’ray boshladilar:

— To‘rt oyoq – yaxshi, ikki oyoq yaxshiroq! To‘rt oyoq – yaxshi, ikki oyoq yaxshiroq! To‘rt oyoq – yaxshi, ikki oyoq yaxshiroq!

Shu tariqa ba’rash besh daqiqa mobaynida to‘xtovsiz davom etdi. Qo‘ylar ba’rashni to‘xtatganda, norozilik uchun vaqt tugab bo‘lgandi, chunki cho‘chqalar allaqachon molxona ichiga kirib ketgandilar.

Benjamin kimdir tumshug‘i bilan yelkasiga turtayotganini sezdi. Orqaga o‘girilib qaradi. Bu Klover edi. Uning nursizlashgan ko‘zlari yanada xiralashib ketdi. Biror so‘z demasdan, u otning yolidan ohista tortdi va omborning hayvonizmning yetti arkoni bitilgan orqa devori tomonga yetakladi. Bir-ikki daqiqadan so‘ng ular oq harflar bilan arkonlar yozilgan devor tagida turardilar.

— Ko‘zim xiralashib, zaiflashib qoldi, — dedi u nihoyat. — Biroq, hatto yoshligimda ham baribir shu devordagi yozuvlarni o‘qiy olmasdim. Ammo, mening nazarimda, devordagi yozuvlar biroz o‘zgarganday. Yetti arkonimiz o‘zgarmaganmi, Benjamin?

Ilk bor Benjamin o‘z qoidalariga xilof ravishda devordagilarni unga o‘qib berdi. Hammasi avvalgiday edi. Faqat bitta tamoyil o‘zgargandi. Unga ko‘ra:

Hamma hayvonlar tengdirlar, biroq ayrim hayvonlar boshqalaridan ko‘proq tengdirlar.

Endi keyingi kuni molxona ishlari ustida nazorat qiluvchi cho‘chqalar qamchin bilan qurollangandi, bu hech kimga g‘alati tuyulmadi. Cho‘chqalar o‘zlariga radiouzatgich sotib olganda, o‘zlari uchun telefon aloqasini ulatganida va “Jon Bul”, “Tit-bit” va “Deyli Mirror”ga obuna bo‘lganlarida, bularning bari ham g‘alati ko‘rinmadi. Yana bir narsa g‘alati tuyulmasdiki, endi Napoleonni molxonaning bog‘ida og‘ziga tamaki mushtugini tiqqancha aylanib yurgan holda ko‘rish mumkin edi. Cho‘chqalar mister Jonsning kiyim-kechaklarini ham kiya boshlagani g‘alati emasdi. Napoleon qora kamzul kiydi, ovchilar shimiga va charm tizzaliklarga o‘randi, uning sevikli jazmani esa Jons xonimning yakshanba kunlari kiyadigan ipak ko‘ylagini kiyib oldi.

Ma’lumot uchun: “Molxona” qissasini O‘zbekistondagi onlayn kitob do‘konlaridan 14 ming so‘mdan 19 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotib olish mumkin.