Samarqandda davlat organlari xodimlari sha’niga nisbatan nomaqbul so‘zlarni aytgani tasvirlangan videoni TikTok ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan yigitlar javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Kadr: Telegram

Yigitlarning qilgan ishlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Sud qaroriga ko‘ra, A.Sh.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) asosan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, videoda ko‘rinish bergan uning yana bir sherigi va holatni tasvirga olgan uchinchi yigit mos ravishda 5 va 4 sutkaga qamalgan.

“‘Ment’ so‘zini ishlatganmiz, ammo o‘zimiz uning ma’nosini bilmaganmiz. Ichki ishlar xodimlari vatanimiz uchun qanchalik xizmat qilayotgani haqida xabarim bor. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Meni kechirishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim”, – deydi tiktoker.

Avvalroq Buxoroda ichki ishlar xodimi kiyimida “xurmacha qiliq” qilgan tiktokerlar javobgarlikka tortilgani, Toshkentda ichki ishlar xodimi kiyimini kiyib, mashina kapoti ustida videoga tushgan yigit va uning sherigi 5 sutkaga, Sirdaryoda esa ichki ishlar xodimi kiyimida raqsga tushgan yigit 8 sutkaga qamalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.