Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 174 893 444 kishini tashkil qilmoqda. Virus oqibatida esa 3 773 635 kishi vafot etgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (33,4 million), Hindiston (29,2 million), Braziliya (17,2 million), Fransiya (5,7 million) va Turkiya (5,3 million) oldinda bormoqda.

71 yoshli Basanti ismli ayol Pokistonning Karachi shahridagi emlash markazida koronavirusga qarshi vaksina olmoqda.

Foto: Reuters

COVID-19 Alsgeymer kasalligini keltirib chiqarishi mumkin

AQShdagi Klivlend klinikasi olimlari COVID-19 miya funksiyasiga uzoq vaqt davomida ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan mexanizmni aniqladi.

Tadqiqotchilar virus bevosita miyaga ta’sir qilishi borasida kam dalillar topgan bo‘lsa-da, ular virus hamda ba’zi nevrologik kasalliklar, birinchi navbatda Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq genlar/oqsillar o‘rtasidagi yaqin tarmoqli aloqalarni aniqladi.

Mutaxassislar COVID-19 va neyroshamollash, shuningdek, bosh miya mikrotomirlari zararlanishi (bular Alsgeymer kasalligi belgilari hisoblanadi) o‘rtasidagi potensial bog‘liqlikni o‘rganib chiqib, SARS-Co-V-2 infeksiyasi Alsgeymerning miya shamollashiga oid belgilarini ancha o‘zgartirganini aniqladi.

“Bu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, virus neyroshamollashda va miya mikrotomirlari zararlanishida ishtirok etuvchi bir nechta genlarga yoki yo‘llarga ta’sir o‘tkazishi mumkin, bu esa Alsgeymer kasalligi kabi kognitiv buzilishlarga olib kelishi mumkin”, — dedi yetakchi tadqiqotchi Feysyun Chen.

JSST: Yevropada koronavirusning “hindcha” shtammi tarqalib ketishi mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropada “hindcha” shtamm tarqalishini prognoz qilmoqda. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge aytishicha, virusning aynan shu variant olimlarda eng ko‘p xavotir uyg‘otmoqda, chunki u tezroq tarqaladi va hatto immuniteti bor odamlarga ham yuqadi.

Klyugening so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning “delta-variant” sifatida mashhur bo‘lgan ushbu turi ko‘pchilik mamlakatlarda boshqa shtammlarni siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

JSST vakili virusga yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lmaslikka chaqirdi.

Bolgariya va Braziliyada emlanganlar uchun niqob taqish majburiyati bekor qilinadi

COVID-19’ga qarshi emlanganlik haqida sertifikat taqdim etgan bolgariyaliklar kelasi haftadan boshlab sartaroshxona, fitnes markazlari, restoranlar va kichikroq do‘konlarga niqob taqmasdan borishi mumkin bo‘ladi.

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru ma’lum qilishicha, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi vaksina olganlarga niqob taqmaslik imkonini beruvchi tavsiyalarni chiqarishi kutilmoqda. Bu karantinga rioya qilish talabiga ham tegishli bo‘ladi.

Shuningdek:

  • Rossiyalik mutaxassisning ma’lum qilishicha, koronavirusga chalingan odamlarning 18—23 foizida quloqning bitib qolishi uchraydi, bu eshitish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Bu asosan ortga qaytadigan holat bo‘lib, faqat 1,5—2 foiz holatlarda doimiy saqlanib qolishi mumkin.
  • “Yettilik guruhi” (G7) mamlakatlari kambag‘al mamlakatlar uchun 1 milliard dozada vaksina ajratish qarori haqida e’lon qilishi kutilmoqda. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning aytishicha, mamlakat 100 million doza vaksina xayriya qiladi. U G7’ning boshqa ishtirokchilari ham tashabbusga qo‘shilishiga umid bildirdi.
  • Germaniya hukumati 10-iyundan raqamli COVID-pasportlar berishni boshladi. Ilk fuqarolar koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi raqamli sertifikatlarini qo‘lga kiritishga ulgurdi. Bunday pasoortlar asta-sekinlik bilan tarqalib, mobil dastur kabi hammabop bo‘lib ketishi kutilmoqda.