O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq tashrif dasturida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar — rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, ijtimoiy obyektlar ochilishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga bag‘ishlangan onlayn marosimlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘p qirrali sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston—Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oladigan jami 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, tashrif doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan tijorat shartnomalari va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Tashrif dasturidan Dushanbe shahrida madaniy tadbirlarda ishtirok etish, So‘g‘d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashish, sanoat obyektlari bilan tanishish ham o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonga 2018-yil mart oyida, so‘ng 2018-yilning sentabr oyi oxirida borgandi. Keyinchalik, 2019-yil 14-iyunida Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha konferensiyaning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun Tojikistonga borgan.