Samarqand viloyatida 2020-yilda 27 ta holatda is gazi va havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq noxush holat qayd etilgan. Oqibatda 15 nafar fuqaro vafot etgan. 33 nafar fuqaro esa jabrlangan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorov ma’lum qildi.
“2021-yilning o‘tgan davri mobaynida uchta bunday ko‘ngilsiz holat qayd etilgan. Ularda to‘qqiz nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Uch nafari jabrlangan. Xususan, 2021-yilning 28-mart kuni Samarqand shahri ‘Maqsud Shayxzoda’ mahalla fuqarolar yig‘ini Lohutiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1966-yilda tug‘ilgan fuqaro M.T.ning xonadonida besh nafar fuqaro is gazidan zaharlangan. Shundan bir nafari o‘tkir zaharlanib, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga yotqizilgan, to‘rt nafari esa voqea joyida halok bo‘lgan”, — deydi Umid Ahrorov.
Umid Ahrorovning ta’kidlashicha, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari jalb etilib 173 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 981 marotaba, 1100 ta mahalla 4545 marotaba o‘rganilgan. 1952 ta ko‘p qavatli uy 4482 marotaba va undagi 60 ming 171 ta xonadon 28 ming 910 marotaba o‘rganib chiqilgan. Ushbu uylarning 3030 ta nosoz dudbo‘rondan 2773 tasi ta’mirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2019-yilda O‘zbekiston bo‘ylab 31 ta is gazidan zaharlanish hodisasi sodir bo‘lgani, jabrlanganlar soni 21 nafarni, vafot etganlar soni esa 50 nafarni tashkil etgani, 2020-yilda esa 70 ta is gazidan zaharlanish holati sodir bo‘lib, jarohat olganlar soni 66 nafarni, vafot etganlar soni esa 91 nafarni tashkil qilgani xabar berilgandi.