O‘zbekistonda 2019—2020-yillar davomida 101 ta is gazidan zaharlanish holati sodir bo‘lgan. Bu haqda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2019-yilda O‘zbekiston bo‘ylab 31 ta is gazidan zaharlanish hodisasi sodir bo‘lib, jabrlanganlar soni 21 nafarni, vafot etganlar soni esa 50 nafarni tashkil etgan.

2020-yilda esa 70 ta is gazidan zaharlanish holati sodir bo‘lgan, jarohat olganlar soni 66 nafarni, vafot etganlar soni esa 91 nafarni tashkil qilgan.

Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning aksariyati gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ro‘y bermoqda, deyiladi qo‘mita ma’lumotida.

Bundan avval Samarqandda to‘rt kishining is gazidan zaharlanib vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Toshkentda ijarada yashagan besh talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lgani hamda Xorazmdagi choyxonada bir oilaning uch a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgandi.