Namangan viloyat IIB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi (JQB)ning ikki nafar katta tezkor vakili jinoiy javobgarlikka tortildi, deb xabar bermoqda “Xabar.uz”.
Jinoyat-qidiruv boshqarmasining ikki xodimi E.X. va K.T. Jinoyat kodeksining 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 206-moddasi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.
Ma’lum qilinishicha, ular 2020-yil 1-iyun kuni Pop shahri markazidagi tamaddixonada yengil tushlik qilish jarayonida ishlatgan salfetkasini yerga tashlagan. Tamaddixona ish yurituvchisi M.G‘. bunga e’tiroz bildirib, tanbeh bergan.
Bunga javoban xodim ish yurituvchining tibbiy niqobi yo‘qligini aytib, uni tasvirga olgan. JQB xodimlarining o‘zlari ham jamoat joyida niqobsiz yurgani sababli ish yurituvchi ham ularni qo‘l telefoniga tasvirga olishga uringan, ammo xodimlar uning qo‘l telefonini kuch ishlatish yo‘li bilan tortib olgan.
So‘ng qo‘lini orqasiga qayirib, bir-ikki musht tushirib, mashinaga o‘tqazib, tuman IIBga olib kelib, kaltaklagan. G‘urumsaroyda sodir bo‘lgan qotillikni “bo‘yniga qo‘yvorish” bilan ham tahdid qilgan.
Bir necha soatga cho‘zilgan jismoniy va ruhiy bosimlardan so‘ng profilaktika inspektorini chaqirib, tamaddixona ish yurituvchisiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ish ochishni buyurgan. Keyinroq mazkur qo‘lbola “delo” tuman prokurorining protestiga asosan bekor qilingan.
M.G‘.ning arizasiga asosan tuman prokuraturasi ishga tushib, surishtiruvda JQB xodimlarining qilmishi tasdiqlangan. Sud-tibbiy ekspertizasida jabrlanuvchida bosh miya chayqalishi, boshining peshona, burun, o‘ng bilak, kaft bo‘g‘imi sohalarida qontalashlar, boshining o‘ng tomon peshona tepa sohasida jarohatlar borligini aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JQB xodimlari yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun M.G‘.ga 10 million so‘m to‘lagan.