So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar kuzatilyotgani to‘g‘risida murojaatlar kelib tushayotgani sababli Energetika vazirligi holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Foto: “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati

Vazirlik matbuot xizmatining qayd etishicha, bunga 1-iyundan 3-iyunga qadar O‘zbekistonning ayrim hududlarida qattiq shamol esishi oqibatida daraxt shoxlarining sinishi va ayrim ko‘p qavatli binolar tom qismining ko‘chishi oqibatida elektr uzatish tarmoqlarining shikastlanishi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, shu kunlarda havo haroratining isib ketishi oqibatida ayrim joylardagi transformator punktlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib, nosozliklar kelib chiqayotgani ta’kidlangan.

Shuningdek, 2021—2022-yillar kuz—qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida issiqlik elektr stansiyalari, elektr uzatish tarmoqlari va gaz ta’minoti tizimida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani, ushbu ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida reja-grafik asosida elektr va gaz ta’minotini tarmoqdan ajratgan holda amalga oshirilayotgani qo‘shimcha qilingan.

“Hozirda hududlar bo‘ylab joylardagi hududiy elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari tomonidan avariyaga qarshi brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.