Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida 2-may kuni Davlat xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligiga tayanib “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Majlisda bosh vazirning xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Chorimurat Amanov harbiy islohotni amalga oshirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy ta’minlash masalalarini hal qilish to‘g‘risida hisobot berdi.

Hisobotni eshitgandan so‘ng prezident Amanovga “xizmat vazifalarini noto‘g‘ri bajargani, bo‘ysunuvchi muassasalar faoliyati ustidan nazoratni susaytirgani uchun kamchiliklarni iloji boricha tezroq tuzatish to‘g‘risida so‘nggi ogohlantirish bilan” qattiq tanbeh berdi.

Ichki ishlar vaziri Mammetxon Chakiyev qonun va tartibni ta’minlash, viloyat va poytaxt avtomagistrallarida transport oqimlarini optimallashtirish ​​haqida hisobot berdi. Davlat rahbari  yo‘l harakati qoidalari va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borishni buyurdi.

So‘ng prezident “ishidagi jiddiy kamchiliklari uchun” ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, ichki ishlar podpolkovnigi Jumamurat Nurayevni o‘z lavozimidan ozod qildi. Shuningdek, Berdimuhamedov “xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani, nazorat qilinadigan xizmatlar ustidan nazoratni susaytirgani uchun”  ichki ishlar vaziri Chakiyevga kamchiliklarni imkon qadar tezroq tuzatish to‘g‘risida so‘nggi ogohlantirish bilan qattiq tanbeh berdi.

Oliy nazorat palatasi raisi Serdar Berdimuhamedov mamlakat mustaqilligining 30 yilligida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan obyektlarning qurilish maydonlarida ishlarning holatini nazorat qilish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalarning ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.

Prezident mudofaa vaziri Begench Gundogdiyevga Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bo‘lajak harbiy tekshiruvni kerakli darajada tashkil etishni topshirdi.

Shuningdek, prezident “inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan” harorat ko‘tarilishi mavzusiga to‘xtalib, ichki ishlar idoralari rahbarlariga shaxsiy tarkib o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishni topshirdi.

Avvalroq Turkmanistonda oziq-ovqat do‘konlarida navbatga turish taqiqlangani, chunki bu prezidentning “imijiga salbiy ta’sir qilishi” haqida xabar berilgandi. Turkmaniston savdo ishlari bo‘yicha bosh vaziri o‘rinbosari Chori Gilijov 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisida prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga ichki bozor mahalliy mahsulotlar bilan to‘liq ta’minlangani to‘g‘risida hisobot bergan.

Shuningdek, Turkmaniston prezidenti ikkinchi sun’iy yo‘ldoshni uchirishni va yuk samolyotlarini sotib olishni buyurgani, sanoat sektori ishini tanqid qilib, “Turkmanximiya” rahbariga qattiq tanbeh bergani hamda olimlarga kartoshka hosildorligini oshirishni buyurgani haqida xabar berilgan.