Turkmanistonda shu kunga qadar COVID-19’ga chalinish holati aniqlanmagan. Bu haqda mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov “Mir” teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: unn.com

“COVID-19 tahdidi paydo bo‘lgan birinchi kunlardan boshlab biz koronavirusga qarshi kurashning tashkiliy, huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy, sanitariya-epidemiologiya, tibbiy va karantin tadbirlari majmuini nazarda tutadigan yagona milliy strategiyani shakllantirib tayyorladik”, — degan prezident teleboshlovchining “Siz qanday qilib Turkmaniston xalqini bu balolardan qutqara oldingiz?” degan savoliga javoban.

Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu ishlarning barchasiga rahbarlik qilish uchun xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Uning tarkibiga hukumat a’zolari, vazirliklar, idoralar, ijro etuvchi hokimiyatning mahalliy organlari rahbarlari kiritilgan.

Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, “mamlakat COVID-19 paydo bo‘lganidan beri ko‘rilgan birinchi chora-tadbirlar qatorida chegara, migratsiya va bojxona rejimlarini bosqichma-bosqich kuchaytirishni joriy qilgan. Shu bilan birga, Turkmaniston bilan xorijiy davlatlar o‘rtasidagi havo aloqasida obyektiv ravishda vaziyat talab qilgan cheklovlar kiritilgan”.

Prezident hozirgi kunda mamlakat aholisi 14 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlanayotganini aytgan.

“Turkmaniston Rossiyaning ‘Sputnik-V’, ‘EpiVakKorona’ vaksinalarini ro‘yxatdan o‘tkazgan birinchi o‘ntalik mamlakatlar qatoriga kiradi. Ushbu vaksinalar hozirgi kunda xavf guruhidagi odamlarning ehtiyojlari uchun muvaffaqiyatli tarzda qabul qilinmoqda”, — degan Berdimuhamedov.

Uning ta’kidlashicha, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ishlar bilan birga “yangi karantin markazlari barpo etilmoqda, o‘tkir yuqumli kasallik belgilari bor shaxslarni saqlash uchun ayrim tibbiyot muassasalari qayta profillanib, zarur dori vositalari va tegishli tibbiy asbob-uskunalar sotib olinmoqda”.

“Shu bilan birga, mamlakatimiz aholisi umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, odamlarning immunitet darajasini yaxshilash bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmoqda”, — degan Turkmaniston rahbari.

Turkmanistonning rasmiy idoralari COVID-19’ga chalinish holatlari mavjudligini tasdiqlamagan bo‘lsa-da, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatda niqob taqish rejim amal qilmoqda, xorijiy reyslar to‘xtatilgan.

Avvalroq JSST mamlakatda pnevmoniya bilan kasallanish ko‘payganidan xavotirda ekanini bildirgan va hukumatga koronavirus allaqachon butun mamlakat bo‘ylab tarqalganidagidek zarur choralarni ko‘rishni tavsiya qilgan.