Turkmaniston savdo ishlari bo‘yicha bosh vaziri o‘rinbosari Chori Gilijov 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisida prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot berib, Turkmaniston sanoat vakillari va tadbirkorlari ittifoqi (TSTI) a’zolari Turkmaniston ichki bozorini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlayotganini ta’kidladi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Xususan, vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda tovuq go‘shti va tuxumi, qandolat, go‘sht va kolbasa, ichimliklar, o‘simlik moyi, non, sabzavot, sut va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Gilijov ushbu ish samaradorligini oshirish uchun bir qator takliflar bildirdi, davlat rahbari esa unga va bosh vazirning iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gadirgeldi Mushshikovga ishlab chiqarishni kengaytirish va oziq-ovqat importini qisqartirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, prezident To‘qimachilik sanoati vazirligining faoliyati bilan qiziqdi va “zamonaviy, mavsumga mos poyabzal va kiyim-kechak modellarini ishlab chiqarish maqsadida mijozlar talabini batafsil o‘rganish” haqida topshiriqlar berdi.

Hukumat a’zolariga tadbirkorlarni moliyaviy, moddiy va texnik jihatdan rag‘batlantirish va mamlakat eksport salohiyatini oshirish choralarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Ashxobodning davlat do‘konlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining keskin tanqisligi va uzun navbatlar kuzatilmoqda. Xususiy supermarketlarda oziq-ovqatlar bor, lekin ulardagi mahsulotlar bir necha barobar qimmat, chunki ularning narxi davlatnikidan 11 barobar yuqori bo‘lgan “qora bozor”dagi dollar kursi asosida belgilanadi.

Avvalroq “prezidentning imijiga salbiy ta’sir qilishi sababli” Turkmanistonning mahsulotlarni imtiyozli narxlarda sotuvchi davlat do‘konlarida navbat hosil qilish taqiqlandi. Ushbu taqiq Turkmaniston prezidentining o‘g‘li, bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovning buyrug‘i bilan joriy etildi.

Turkmaniston Davlat statistika qo‘mitasi import va eksport bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qilmayapti, lekin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyadan qilinadigan bir qator mahsulotlarning importi juda yuqori darajada hisoblanadi.