Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Surxondaryo xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boshida davlat rahbari COVID-19 haqida gapirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” /Madina Nurman

“Biz hozir sinovli yillardamiz. Mana ko‘ryapsizlar, dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti. Koronavirus hamma davlatni, hamma xalqni, xususan, O‘zbekistonni ham sinovdan o‘tkazdi. Nimalarga ahamiyat qaratishimiz kerakligini anglatdi, kamchiliklarimizni, tibbiyot sohasida katta nuqsonlarimiz borligini ko‘rsatdi.

Biz, avvalo, xalqimizning salomatligiga e’tibor qaratib, tibbiyotning quyi pog‘onasi — qishloq vrachlik punktlari rivojlanishi borasida qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Koronavirus bizning ko‘zimizni ochdi, bu bilan qasdlashib bo‘lmaydi. Juda katta harakatlarimiz bilan buni jilovlashga intilyapmiz, ammo bu xavf-xatar har kuni biz bilan yuribdi.

Ko‘pchiligimiz yaqinlarimiz, qadrdonlarimizni yo‘qotdik. Tajribamiz bo‘lmadi, davolana olmadik, e’tibor bermadik. O‘tib ketadi, bu gripp ekan, deb yurdik. Bu gripp emas, har doim o‘zimizni ehtiyot qilishimiz zarur.

Ko‘p davlatlar hali ochilgani yo‘q. Lekin biz koronavirusni yengishga harakat qilyapmiz, aviaqatnovlar to‘xtagani yo‘q. Iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishga harakat qilyapmiz”, — dedi davlat rahbari.

Prezident 2020-yilning may oyida ham “Koronavirus pandemiyasi ko‘zimizni ochdi”, deb aytgan edi. Davlat rahbari rivojlangan davlatlar tajribasi asosida dastur ishlab chiqib, telemeditsinani jadal rivojlantirish kerakligini ta’kidlagandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1-iyun holatiga ko‘ra, koronavirusga chalingani rasman tan olinganlar soni 100 726 nafarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 1-iyundan buyon Surxondaryo viloyatida bo‘lib turibdi.