O‘zbekistonda telemeditsinani jadal rivojlantirish kerak. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Toshkentning Chilonzor tumanida qurilgan shahar 2-perinatal markaziga tashrifi vaqtida aytib o‘tdi.

Avval xabar berilganidek, perinatalga markazga tashrifi vaqtida davlat rahbari onlayn poliklinika dasturi orqali shifokorlar bilan muloqot qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzordagi shahar 2-perinatal markazida onlayn poliklinika dasturi orqali shifokorlar bilan muloqot qilmoqda, Toshkent, 2020-yil, 9-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Koronavirus pandemiyasi ko‘zimizni ochdi. Tibbiyotda axborot texnologiyalari qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Lekin bu bo‘yicha sharoitlar ham, xodimlarning malakasi ham hali yetarli emas”, — dedi Prezident.

Shu bois, davlat rahbarining ta’kidlashicha, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida dastur ishlab chiqib, telemeditsinani jadal rivojlantirish kerak.

Shavkat Mirziyoyev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Chilonzordagi shahar 2-perinatal markazida, Toshkent, 2020-yil 9-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“ Bu vaqt va xarajatni tejaydi, epidemiologik xavfsizlikni ham ta’minlaydi. Yana yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor bo‘lishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 9-may soat 18:25 holatiga ko‘ra koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 2349 ta holat qayd etilgan; shu vaqtgacha 1803 nafar bemor sog‘aygan, 10 nafar bemor esa infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan.