Meksikalik mashhur hujumchi Xavyer Ernandes 1988-yil 1-iyunda tavallud topgan. 33 yoshini nishonlayotgan Chicharitoning faoliyatidagi baland-pastliklar haqidagi hikoyani “Daryo” o‘zbek tilida taqdim etadi.

Foto: Getty Images

Xavyer futbolchilar oilasida voyaga yetgan. Uning bobosi Tomas Balkasar  mahalliy “Gvadalaxara” jamoasida 10 yil faoliyat olib borgan, 1954-yilda Meksika terma jamoasi bilan Jahon Chempionatida qatnashgan. Otasi Xavyer Ernandes Gutyerres esa 1986-yilgi mundialda ishtirok etgan. U “Chicharo” (no‘xat) taxallusi bilan mashhur edi. Xavyer esa “Chicharito” (kichik no‘xat) nomini oldi. Atrofida futbol muhiti hukm surgan Chicharito 9 yoshida, ya’ni 1997-yilda “Chivas Gvadalaxara” jamoasi bilan professional shartnoma imzoladi. 2006-yilda katta futbolda o‘z debyutini nishonladi. “Chivas”da 4 mavsumni o‘tkazib (barcha musobaqalarda 80 ta o‘yin, 29 gol), Meksika chempionligini qo‘lga kiritgan. Faoliyati avvalida Xavyer juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan edi.

Foto: Getty Images

“Uch yil oldin meni noto‘g‘ri yo‘l tanladimmi degan savol qiynardi. Menga juda kam o‘yin amaliyoti berilardi. Asosan zaxiradan maydonga tushardim. Boshqa yosh futbolchilarga berilayotgan imkoniyatlarni alam bilan kuzatardim. Shunda men futboldan ketish haqida o‘ylab qoldim. Ota-onam, bobom va buvim, singlim bilan bu vaziyatni muhokama qilardik. Ular menga nima qilish kerakligini tushuntirishdi. Ularning yordami bilan men baxtli ekanimni, futbol o‘ynashda davom etishim kerakligini tushungandim. Bu menga katta saboq bo‘ldi”, — deya eslaydi Ernandes.

2009-yilning yozida Ernandes “Manchester Yunayted” nazariga tushadi. Oradan bir yil o‘tib, “Chivas” va “Manchester Yunayted” transfer borasida kelishuvga erishadi. Angliyaliklar futbolchi uchun 7,5 million yevro to‘laydigan bo‘ldi.

Ser Aleks Fergyuson Xavyerni Ole-Gunnar Sulsherga qiyoslaydi. Uning nazdida jamoaga yana bir “bolakay qiyofasidagi qotil” kelgan edi.

Foto: Getty Images

Manchesterdagi dastlabki 4 mavsumida Chicharito futboldan rohatlandi. Lekin Fergyuson murabbiylik faoliyatiga yakun yasaganidan so‘ng (2013-yil) uning ishlari yurishmadi. Xavyer Devid Moyesning rejalariga kirmagan edi. 2014/15-yilgi mavsum avvalida “Manchester Yunayted” safida atigi 2 o‘yinda maydonga tushgan futbolchi 2014-yil 1-sentabridan e’tiboran “Real Madrid”ga ijaraga berib yuborildi. Lekin “qaymoqranglilar” safida ham Chicharito o‘z iqtidorini namoyish eta olmadi. Karlo Anchelotti unga juda kam ishonch bildirardi. Chempionlar Ligasining chorak finalida “Atletiko Madrid”ga kiritgan yagona goli madridliklarni yarim finalga olib chiqdi. Shunday bo‘lsa ham Xavyer jamoada qolmadi. Uning “Real Madrid” safidagi natijalari esa quyidagicha bo‘ldi: 33 o‘yinda maydonga tushdi, 9 ta gol urdi va 2014-yilda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

“Chempionlar Ligasining chorak finali oldidan Beyl va Benzema jarohat oldi. Karlo Anchelotti mana shu men uchun imkoniyat ekanligini, u menga ishonishini aytdi. Krishtianu Ronalduning yordami bilan “Atletiko”ga gol urdim va “Real” yarim finalga yo‘l oldi. Lekin Madridda qola olmadim”, — degandi Chicharito.

Ispaniyadagi safaridan so‘ng Angliyaga qaytgan Chicharito endi ko‘proq o‘yin amaliyotiga umid qilgan edi. Ammo “qizil iblislar”ning yangi murabbiyi Lui van Gal ochiqchasiga unga ishonch bildirmasligini aytdi. Natijada futbolchi 2015-yilning yozida Germaniyaning “Bayer” jamoasiga o‘tishga majbur bo‘ldi.

“Men uyimga qaytgandim. Manchesterda o‘tkazgan 4 mavsumimdan so‘ng, u yer mening ikkinchi uyimga aylanib qolgan edi. Angliyaga o‘yinga chanqoq holda qaytgandim. Lekin Lui van Galning sharofati bilan men “Bayer”ga o‘tdim. Murabbiy yuz imkoniyatdan faqat bittasida meni maydonga tushirishini aytdi. Shunda men ketish kerakligini tushundim”, — eslaydi Xavyer.

Xavyerning Germaniyadagi ilk mavsumi muvaffaqiyatli o‘tdi. 40 o‘yinda 26 ta gol kiritgan Chicharito nafaqat Bundesliganing ramziy jamoasiga kiritildi, balki “Bundesliga ramzi” mukofotini ham qo‘lga kiritdi. “Bayer”dagi ikkinchi mavsumi esa ko‘ngildagidek kechmadi. 36 o‘yinda 13 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan Xavyer Ernandesga Angliyaning “Vest Hem” jamoasi qiziqish bildirdi. Ingliz jamoasi futbolchi uchun 18 million yevro to‘ladi.

Foto: Getty Images

Angliyaga bu safargi qaytish ham omadsiz bo‘ldi. Chicharito endi eski formasini tiklay olmadi. 2019/20-yilgi mavsumda Manuel Pellegrini unga muntazam ravishda asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Lekin Ernandes ishonchni oqlay olmadi.

Meksikalik futbolchi “Sevilya”ning qiziqishi doirasiga tushibgina qolmay, andalusiyaliklar safiga ham borib qo‘shildi. Ispaniya jamoasidagi debyut golini Yevropa Ligasi guruh bosqichining 1-turida “Qorabog‘” darvozasiga urdi. “Sevilya”da ham futbolchi yodda qolarli harakatlarni amalga oshirmadi. Natijada, 2020-yilning yanvar oyida okean ortiga yo‘l oldi. Xavyerning yangi jamoasi “Los-Anjeles Gelaksi” edi.

Amerikaga ketishi oldidan u ota-onasi bilan telefonda suhbatlashdi. Yevropada endi to‘p sura olmasligi, Amerika jamoasiga o‘tishi asta-sekin faoliyatining so‘nggi pallalari yaqinlashayotganini bildirishini aytib, ko‘z yoshini tiya olmadi:

 “Xohlaymizmi yoki yo‘q, biz Yevropa orzusiga yakun yasayapmiz. Bu oddiy hol, men sizga qo‘ng‘iroq qilishni istadim. Juda og‘ir, lekin buni yengib o‘taman, axir men baxtliman — mana men nimani nazarda tutyapman. Gap endi mening uddalay olmasligimda emas… Men bu ajoyib tajribaga “ko‘rishguncha” deb qolaman. Men endi bu yerda bo‘lmayman, ammo bir qismim qoladi. Albatta, kelajakda nima bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Endi orzular boshqacha. Qiyin bo‘ladi, lekin endi sizlarga yaqin bo‘laman, tez-tez sizlarni ko‘rishga borib turaman”, — degandi Ernandes.

Chicharito “Los-Anjeles Gelaksi” safida 2020-yilda 12 o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan bo‘lsa, 2021-yilda 6 o‘yinda 7 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Foto: “Vest Hem”

Terma jamoada esa u almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylangan. Xavyer Ernandes 2010, 2014 va 2018 yilgi mundiallarda qatnashib, otasi va bobosining an’anasini davom ettirdi. Qayd etish joiz, bir oilaning uch avlodi mundiallarda qatnashishi bunga qadar sodir bo‘lmagandi. Chicharito Meksika terma jamoasi bilan KONKAKAF kubogi va KONKAKAF oltin kubogini qo‘lga kiritgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!