Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimligi “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lida 2021-yilning mart oyida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida avtomobil yo‘liga jiddiy zarar yetgandi. Senatning 29-mayda o‘tkazilgan o‘n beshinchi yalpi majlisida holat yuz berishidan oldin avtomobil yo‘li qayta ekspertizadan o‘tkazilmagani ma’lum qilindi.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, “Amirsoy” tog‘ kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, kamchiliklar mavjudligi sababli me’yoriy hujjatlar talablariga to‘liq moslashtirib, qaytadan ekspertizadan o‘tkazish lozimligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Shundan so‘ng yana ikki marotaba Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Toshkent viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga “Amirsoy” tog‘ kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini qayta ekspertizadan o‘tkazmasdan turib, qurilish ishlarini olib borish mumkin emasligi to‘g‘risida xatlar yuborilgan.

Shunga qaramay “Toshkent viloyati mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan yo‘l qurilishi davom ettirilib, yakuniga yetkazilgan.

Oqibatda mart oyida aynan mazkur yo‘lda ko‘chki sodir bo‘lib, avtomobil yo‘liga jiddiy zarar yetkazilgan.

Avvalroq Senatning ushbu yalpi majlisida O‘zbekistondagi 40 foiz ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar yaroqsiz, qoniqarsiz va ta’mirtalab holatga kelib qolgani ma’lum qilingandi.