Ijtimoiy tarmoqlarda urgutlik yigitning pul sochayotgani aks etgan lavha ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat Samarqand IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.

Qayd etilishicha, Urgut tumani “Vag‘ashti” mahallasida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan N.J. Ramazon hayiti munosabati bilan qarindosh va qo‘shnilarini mehmondorchilikka chaqirib, ularning farzandlarini xursand qilish maqsadida ustilariga pul sochgan.

N.J. bilan olib borilgan suhbat davomida u qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi.

Fuqaro va uning yaqin qarindoshlari bilan kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida profilaktik suhbat o‘tkazilib, fuqaroga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Bundan avval Toshkent viloyatida o‘zini “Oysha xola” deya tanishtirgan YPX xodimiga xizmat tekshiruvi tayinlangani, Surxondaryoda radar yo‘nalishini o‘zgartirib qo‘ygan haydovchilar 10 sutkaga qamalgani hamda Samarqandda Alisher Navoiy haykalini mazax qilgan tiktokerga “Hayrat ul-abror” va Oybekning “Navoiy” asari sovg‘a qilingani va yigit g‘azallar yodlashga va’da bergani haqida xabar berilgandi.