O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 100 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 43 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 10 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 44 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 12 nafarini chet el fuqarolari, 4 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 6 nafarini ayol hamda 52 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.