Rossiya siyosiy sabablarga ko‘ra Shimoliy Makedoniyaga “Sputnik V” vaksinasining yetkazib berilishini kechiktiryapti, deb yozmoqda Bloomberg.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazib berishning kechikishi Shimoliy Makedoniyaning yanvar oyida siyosatchi Aleksey Navalniyning hibsga olinishini qoralagan deklaratsiyani imzolagani, mart oyida esa Rossiya rasmiylariga qarshi inson huquqlarining buzilishi uchun sanksiyalar kiritilishini qo‘llab-quvvatlagani bilan bog‘liq.
Shimoliy Makedoniyaning ismi sir tutilgan amaldori Bloomberg agentligiga xabar berishicha, rasmiy ravishda yetkazib berishning kechikishi vaksinaga bo‘lgan yuqori talab va dozalarning yetishmasligi bilan izohlanadi.
Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi Shimoliy Makedoniyaga vaksinaning yetkazib berilishi shartnomaga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qildi va buning siyosat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlarni rad etdi.
Ma’lumot uchun, 23-aprel kuni O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining dastlabki partiyasi keltirildi. Vaksinani yetkazib berishda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi amaliy ko‘mak berdi. Mamlakatga olib kelinadigan “Sputnik V” vaksinasining yarmini tadbirkor Alisher Usmonov moliyalashtirgan.
Shuningdek, Serbiya “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni boshladi. Xabarga ko‘ra, vaksinani ishlab chiqarish “Torlak” vaksina va zardoblar virusologiya instituti negizida yo‘lga qo‘yilgan. Zavodning quvvati yiliga 20 million dozagacha vaksina ishlab chiqarishga imkon beradi.
Bundan tashqari, “Sputnik V” yaqin kelajakda Eronda, yaqin oylarda esa Italiyada ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
Rossiyaning Gamaleya markazida ishlab chiqariladigan “Sputnik V” vaksinasi ayni paytda 60 ta mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Xususan, “Sputnik V” vaksinasi Vengriya, Livan, Serb Respublikasi, Jazoir, Argentina, Belarus, Boliviya, BAA, Serbiya, Falastin, Paragvay, Pokiston, Turkmaniston va Venesuelada foydalanish uchun tasdiqlangan.
Izoh (0)