Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra Birlashgan Arab Amirliklari hamda Vengriya koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi, deya xabar qilmoqda “Interfaks”

Foto: EPA

“‘Sputnik V’ vaksinasi Birlashgan Arab Amirliklarida Rossiyada 33 mingdan ortiq odam ishtirokidagi 3-bosqich klinik sinovlari natijalariga ko‘ra tezlashtirilgan protsedura doirasida ro‘yxatdan o‘tkazildi”, – deb xabar qildi jamg‘arma.

Hozirda BAAda klinik sinovlarning uchinchi bosqichi mamlakat Sog‘liqni saqlash va profilaktika vazirligi va Abu-Dabi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazorati ostida 1000 nafar ko‘ngilli ishtirokida davom etmoqda.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev BAA Rossiyaning Yaqin Sharqdagi asosiy sheriklaridan biri ekanligini aytdi.

“‘Sputnik V’ni Birlashgan Arab Amirliklarining milliy vaksinalar portfeliga kiritish to‘g‘risidagi qaror aholini himoya qilishda muhim qadamdir”, – dedi u.

Shu bilan birga, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi Vengriyada ham ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kirill Dmitriyevning ta’kidlashicha, Vengriya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib ushbu vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi.

“Vengriya ‘Sputnik V’ vaksinasining barcha afzalliklarini qadrlagan va undan foydalanishga ruxsat bergan birinchi Yevropa Ittifoqi mamlakati bo‘ldi”, – dedi Dmitriyev.

Bundan avval Vengriya COVID-19’ga qarshi Rossiya vaksinasini sotib olmaslikka qaror qilgani to‘g‘risida xabar tarqalgandi.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RTIF) Vengriyaning Rossiya vaksinasidan voz kechishi haqidagi xabarni “soxta yangiliklarning yana bir misoli” deb atadi. Jamg‘armada aytilishicha, Moskva 2021-yil yanvar—mart oylarida Budapeshtni yetarli darajadagi vaksina bilan ta’minlashga tayyorligini va hozirda Vengriya nazorat organlaridan ruxsat olish uchun ish olib borayotganini bildirgan.

28-dekabr kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto mamlakatga Rossiyaning 6000 dozadan ibora vaksina partiyasi kelganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, “Sputnik V” vaksinasi Rossiyadan tashqari Belarus, Argentina, Boliviya, Serbiya, Jazoir, Falastin, Venesuela, Paragvay va Turkmanistonda ro‘yxatdan o‘tgan.

Avvalroq Qozog‘iston o‘z fuqarolarini 1-fevraldan “Sputnik V” vaksinasi bilan emlashni boshlashi hamda O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.