Xitoy aholisi 2020-yilda 0,83 foizga ko‘payib, 1 milliard 411 million 780 ming kishini tashkil etdi. 2010-yilga taqqoslaganda aholi soni 72 millionga ko‘paydi. Bu haqda Xitoy Davlat statistika boshqarmasining saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib “RBK” xabar berdi.

Foto: Google Images

2020-yilning 10-dekabr kuni Xitoy tarixida yettinchi marta mamlakat aholisi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

“Mamlakat aholisi soni 1 milliard 411 million 780 ming kishiga yetdi, bu 2010-yildagi 1 milliard 339 million 720 ming kishiga taqqoslaganda, 72,06 millionga ko‘proq bo‘lib (oltinchi ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari), aholi sonining o‘sishi 5,38 foizni tashkil qildi”, — deyiladi hisobotda.

Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda, taxminan, 723,34 million erkak va 688,44 million ayol yashaydi. Aholining, taxminan, 63,35 foizini 15 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lganlar, 18,7 foizini 60 yoshdan oshganlar, 17,95 foizini esa 14 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.

Xitoyliklarning shaharda istiqomat qiluvchilari ulushi 63,89 foiz yetib, bu ko‘rsatkich 2010-yilga taqqoslaganda 14,21 foizga o‘sgan. Mamlakat aholisining 91,11 foizi xanlar (xitoyliklar), 8,89 foizi boshqa millat vakillaridan iborat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 0,53 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2000—2010-yillarga nisbatan 0,04 foizga kamroq hisoblanadi.

Avvalroq Xitoy Milliy statistika byurosi 2019-yilda Xitoyning tug‘ilish koeffitsienti har 1000 kishiga o‘rtacha 10,48 nafardan bola to‘g‘ri kelganini ma’lum qilgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1949-yilda Xitoyning tashkil etilganidan buyon mamlakatda aholi soni o‘sishining eng past ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Reuters agentligining xabar berishicha, ijtimoiy omillar tufayli Xitoy aholisining o‘sish sur’ati pasaymoqda. “Ko‘plab yosh juftliklar farzand ko‘rishni xohlamaydi, chunki ularning qimmat uy-joy bilan bir qatorda, tibbiy xizmat va ta’lim uchun pul to‘lashga qurbi yetmaydi”, — deb izoh beradi agentlik.

Avvalroq dunyoda egizaklar tug‘ilishi darajasi eng yuqori cho‘qqiga chiqqani haqida xabar berildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha egizaklarning tug‘ilish miqdori har 1000 ta tug‘ilishga nisbatan o‘rtacha 9 tadan 12 tagacha oshgan, lekin bu ko‘rsatkich har bir davlatda bir-biridan farq qiladi. Eng katta o‘sish Shimoliy Amerikada (71 foiz), Yevropada (60 foiz), va Osiyoda (32 foiz) kuzatilgan.