Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tug‘ilish darajasining yuqoriligi mamlakatdagi asosiy muammolardan biri ekanini aytdi. Bu haqda prezident Ismoiliya viloyatidagi bir qator tibbiyot muassasalarining ochilish marosimida aytib o‘tdi, deb xabar beradi “RBK”.

Abdulfattoh as-Sisi

Foto: Reuters

“Sizga o‘zingiz boqolmaydigan va ish topib berolmaydigan bola nimaga kerak? Shuning uchun ham aholining 50 foizi kulbalarda yashaydi” — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, u aholi sonining ko‘payishi milliy xavfsizlik masalasi ekanligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, agar vaziyat o‘zgarmasa va aholining yillik o‘sish darajasi 2,4 milliondan 400 ming kishiga kamaymasa, fuqarolar uchun hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan milliy loyihalarning hech qanday ta’siri sezilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda 2020-yilda tug‘ilish darajasi avvalgi yilga nisbatan 30 foizga kamaygan. 1979-yildan 2016-yilgacha Xitoy “bir oilada bir bola” siyosatini olib borgan edi. Buning salbiy oqibatlaridan biri sifatida mehnatga layoqatli aholining qisqarishi yuzaga keldi. Endi mamlakatdagi istalgan oila ikkita farzandli bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Tojikistonda 2020-yilda vafot etganlar soni 2019-yilga nisbatan 8,6 mingga ko‘paygani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, o‘limlarning aksariyati yurak xastaligi tufayli yuz bergan.

Rossiyada esa 2020-yilda aholi soni rekord darajada pasaygan. Aholi soni 510,5 ming kishiga kamayib, bu 2005-yildan buyon eng keskin pasayish bo‘lgan.