Sirdaryo viloyatida 9-may kungi bayram tadbiri davomida davlat madhiyasi ijrosi vaqtida huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari qo‘lini qayerga qo‘yishi bilmay, noqulay ahvolda qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mazkur rolik Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida ham tarqalgan bo‘lib, hozirga qadar u 5,57 million martadan ortiq tomosha qilingan.

Skrinshot: Weibo

Repost’ning yozishicha, yana bir Xitoy platformasida o‘zbekistonlik huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirokidagi video 5,75 million martadan ortiq ko‘rilgan.

Skrinshot: Weibo

Eslatib o‘tamiz, 9-may kungi tadbirda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev bayram nutqi bilan chiqish qilgan. Uning chiqishidan so‘ng O‘zbekiston davlat madhiyasi ijro etilgan. Madhiya ijrosi vaqtida hokimning ortida turgan huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari qo‘lini qayerga qo‘yishi bilmay, noqulay ahvolda qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir dastlab viloyat hokimligining Facebook’dagi sahifasi orqali jonli efirda ko‘rsatilgan, huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari bilan bog‘liq vaziyat videoparchasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, video o‘chirilgan.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda... harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi”.