Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida fuqarolarni chet elga ishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, Departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. fuqaro N. va B.ning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishga va’da berib, evaziga 1750 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan T.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Toshkent viloyatida tanishlari orqali IIV tizimiga ishga kiritib qo‘yishi uchun 4,5 ming dollar talab qilgan shaxs ushlangani, Shahrixonda kanalning muhofaza hududidan qurilish qilish uchun texnik xulosa berish evaziga 500 dollar olgan mas’ul qo‘lga olingani hamda Bo‘stonliqda 10 gektar yerni qariyb 2 million dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilmoqda.