Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari tasdiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unga ko‘ra:

  • vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 2000 baravari (490 million so‘m)dan;
  • ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — 1500 baravari (367,5 million so‘m)dan;
  • tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1000 baravari (245 million so‘m)dan;
  • davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari xizmat avtotransporti narxi — BHMning 700 baravari (171,5 million so‘m)dan oshmasligi belgilandi.

Shuningdek, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berish avtotransportdan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno).

Qarorga ko‘ra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtotransportlari ikki oy ichida xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan me’yorlar bo‘yicha limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari ro‘yxati shakllantiriladi.

Bundan tashqari, shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021-yil 1-avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yilishi belgilandi.

Shu bilan birga, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil noyabr oyi boshida Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer, shuningdek, pandemiya davrida Uchqo‘rg‘on, Pop, Qo‘shrabot va Narpay tumanlari hokimliklari ham Trailblazer sotib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Denov tumani hokimligi esa karantin kuchaytirilgan paytda — 2020-yilning iyulida 398 million so‘mga Trailblazer LTZ-AT, Namangan viloyati hokimligi ham iyulda budjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 579 million so‘mga Toyota LC200 avtomobilini hamda sentabr oyida qariyb 400 million so‘mga Trailblazer LTZ-AT rusumli avtomobil xarid qilgan.

Bundan tashqari, Mirzacho‘l tumani hokimligi 370 million so‘mga Trailblazer, Qashqadaryo viloyati hokimligi hokim o‘rinbosariga 349 million so‘mga Equinox, hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisigayordamchisi hamda ishlar boshqarmasi boshlig‘iga 621 million so‘mga 3 ta Tracker xizmat mashinalari sotib olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mansabdor shaxslar pandemiya sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayotgani, qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilinayotganiga munosabat ham bildirgan. Shuningdek, Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, tuman hokimlariga narxi 267,5 million so‘mdan yuqori xizmat avtomobili sotib olish taqiqlanishi mumkinligi ma’lum qilingandi.