Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdulla Qo‘ldoshev 30-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan maxsus brifingda Sardoba suv omborini qurish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qanchalik qonuniy sarflangani yuzasidan tergov davom etayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi holati bo‘yicha buyurtmachi, loyihachi, qurilish tashkilotlari hamda ekspluatatsiya xizmatining 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayni paytda ularga nisbatan ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga o‘tkazilgan.

Hozirgi vaqtda suv omborini qurish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qonuniy sarflanganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida taftish va tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, — deya uning so‘zlarini keltirmoqda “Daryo” muxbiri Madina Nurman.

FVV vakili mazkur voqeaga daxldor barcha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga yaqin kunlarda sud tomonidan huquqiy baho berilishi, bu haqida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Sardoba fojiasi bo‘yicha “barcha aybdorlar qonun oldida javob berishi”ni aytgandi.

Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev Sardoba suv ombori qayta qurilishi, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinganini ma’lum qilgandi.