Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xalq assambleyasi (QXA)ni boshqarish huquqini amaldagi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirishga qaror qilganini e’lon qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: Current Time

Foto: Current Time
“Men QXAni umrbod boshqarish huquqiga egaman. Shu bilan birga, bir qator vakolatlar mamlakat prezidentiga yuklatilgan. Barcha masalalar bir qo‘lda bo‘lishi kerak. Men QXAni boshqarish huquqimni prezident Qosim-Jo‘mart Kemelevich To‘qayevga topshirishga qaror qildim”, — dedi Nazarboyev Assambleyaning 29-sessiyasida.

U Qozog‘iston mustaqilligi arafasida yaratilgan QXA jahon standartlariga mos yagona davlat va jamoat institutiga aylanganini eslatib o‘tdi. “Ishonchim komilki, bugungi qaror Assambleya manfaatlariga xizmat qiladi va prezidentimizga barcha mavjud ishlar va kelajak rejalarini birdamlikda qurishda yordam beradi”, — dedi mamlakatning birinchi rahbari.

O‘z navbatida, To‘qayev Nazarboyevga QXAning faxriy raisi bo‘lishni taklif qildi. “Sizga, hurmatli Nursulton Abishevich, Assambleyaning faxriy raisi bo‘lish haqidagi umumiy taklifimizni qabul qilishingizni so‘rab murojaat qilaman. Ushbu maqom xalqimiz va davlatimiz oldidagi tarixiy xizmatlaringiz tufayli haqli ravishda sizga tegishli. Ishonamanki, barcha Assambleya a’zolari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi To‘qayev. Uning so‘zlari sessiya ishtirokchilarining qarsaklari bilan qarshilandi.

Nazarboyev ovozli taklifni qabul qildi. “Men Assambleya bilan birgalikda ishlashda davom etaman”, — deya qo‘shimcha qildi u va To‘qayevga minnatdorchilik bildirib, yangi sohada muvaffaqiyatlar tilab qoldi.

Qozog‘iston Xalq assambleyasi — Respublika prezidenti huzuridagi konsultativ maslahat organi. QXAning asosiy vazifalari — davlat milliy siyosatini amalga oshirish, Qozog‘istondagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash va millatlararo munosabatlar sohasida davlat va jamiyatning fuqarolik institutlari o‘zaro ta’sirining samaradorligini oshirish. Hozirda Qozog‘istonda 125 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi, xususan, qozoqlar, o‘zbeklar, ruslar, ukrainlar, nemislar, koreyslar, uyg‘urlar, qirg‘izlar, yahudiylar, armanlar, gruzinlar va hokazo. Qozog‘istonning birinchi prezidentiga QXAni umrbod boshqarish huquqi berilgan edi. Assambleya sessiyasi yuqori boshqaruv organi bo‘lib, uni Qozog‘iston prezidenti zarurat bo‘yicha, lekin yiliga kamida bir marta chaqiradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
“Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak” — Vladimir Norov
Mahalliy
Foto: Dubay—Namangan—Dubay yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi