Andijon tumani hokimligi vakili fuqaroga yer ajratib berishni va’da qilib, vositachidan pul olayotgan vaqtda ushlandi. Bu haqda “Daryo”ga DXX ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Andijon shahrida yashovchi shaxs boshqa fuqaroga Andijon tumani hokimligidagi mansabdor tanishlari orqali chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun adirlik yerlardan ajratib berishni va’da qilgan.

Buning uchun 15 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Surishtiruv davomida u pullarni Andijon tumani hokimligidagi tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgan.

Davom ettirilgan tezkor tadbirda hokimlik xodimi ham 15 million so‘mni olganida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, hokimiyat vakili oldin ham firibgarlik jinoyatini sodir qilgan. 2021-yil yanvarida sud unga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan.

Bundan avval bosh prokuror O‘zbekistonda 2020-yil yer bilan bog‘liq masalalarda qancha mansabdor javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgani, Andijonda 100 gektar yerni 128 ming dollarga sotishga uringan hokimiyat xodimi qo‘lga olingani hamda Toshkent viloyatida qariyb 160 gektar yer noqonuniy o‘zlashtirib olingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.