Har bir mamlakatda narxlarning bir me’yorda saqlanishi barqaror iqtisodiyotning muhim omili hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodim Feruzbek Davletov quyidagi maqolada inflyatsiya oqibatlari, inflyatsion targetlash, uning o‘ziga xos xususiyatlari va O‘zbekistonda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida mulohaza yuritadi.
Xalqaro ekspertlar va hamjamiyat tomonidan tavsiya etilganidek, rivojlangan mamlakatlar uchun 2-3 foizdan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun 3—5 foizdan o‘rtacha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy barqarorlikka katta xavf tug‘dirmaydi. Biroq, inflyatsiya darajasining bundan yuqoriligi jiddiy iqtisodiy ta’sirga ega.
Inflyatsiyadan kelib chiqadigan to‘rtta asosiy o‘zaro bog‘liq muammolarni keltirib o‘tamiz:
Birinchi muammo — valyutani sotib olish qobiliyatining pasayishi. Binobarin, bunday “inflyatsion soliq” aholini ushbu pul birligida aktivlarni saqlashdan voz kechishga majbur qiladi va ushbu tendensiya uzoq muddatli istiqbolda salbiy oqibatlarga olib keladi.
Ikkinchi muammo — aholi va biznesning “inflyatsion ajablanishi” bo‘lib, ma’lum bir tomonlarning sotib olish qobiliyatidagi kutilmagan farq kelib chiqishiga olib keladi. Bunday “ajablanish”ning oqibatlari ikki xil bo‘lishi mumkin: qarzdorlar uchun yaxshi, kreditorlar uchun esa aksincha.
Uchinchi muammo — inflyatsiyaning tez-tez o‘zgarib turishi iqtisodiy agentlar (biznes, aholi va boshqalar) o‘rtasida o‘ziga xos “noaniqlik” yaratishi mumkin. Bu o‘z o‘rnida, tomonlarning iqtisodiy rejalashtirishni murakkablashtirishi va kelajakda spekulyativ muhit yaratishi mumkin. Binobarin, bunday xaotik (tartibsiz) iqtisodiy xatti-harakatlar har ikki tomonga zarar yetkazadi.
To‘rtinchi muammo — inflyatsiyaning notekis kelib chiqishi bilan bog‘liq. Umuman olganda, inflyatsiya — bu narxlar oshishining o‘rtacha ko‘rsatkichi. Ya’ni, individual narxlar har xil darajada ko‘tarilishi mumkin.
Bu o‘z o‘rnida, ikkita muammoni keltirib chiqaradi:
1) narxlar o‘zgarishining bunday shakllanishi tovar va xizmatlarning nisbiy kamligini yetarli darajada aks ettirmasligi va shu bilan sotuvchilar va xaridorlarga noto‘g‘ri signallarni berishi mumkin;
2) narxlar o‘zgarishining bunday shakllanishi inflyatsiyani bashorat qilishni va iqtisodiy agentlar orasida iqtisodiy rejalashtirishni qiyinlashtiradi.
Inflyatsiyaning jiddiy oqibatlarini hisobga olgan holda, mustaqil ekspert Abdulla Abduqodirovning 15-16 foiz atrofidagi inflyatsiya darajasi O‘zbekiston uchun dahshatli emas, degan dalillari nihoyatda ajablanarli. Yuqori darajadagi inflyatsiya hammani (aholi, biznes, hukumat va boshqalarni) har doim tashvishga solishi kerak, aksincha emas.
Inflyatsiyaning past darajasi ish bilan ta’minlashni hamda ishlab chiqarish quvvatini oshirishga va natijada yuqori o‘sishga olib keladi. Boshqacha qilib aytganda, inflyatsiyaning iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilishi korxonalardagi kapital mahsulotlarning real narxini oshishi bilan va buning natijasida investitsiyalarning kamayishi bilan bog‘liq. Korxonalar “real balansining” qisqarishi yangi kapital tovarlar sotib olishning xarajatlarini oshiradi. Inflyatsiya va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi empirik bog‘liqlik ko‘plab olimlar tomonidan tahlil qilingan.
Masalan, Chili Markaziy bankining sobiq raisi va iqtisodiyot vaziri J.Gregorio tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatidiki, agar Lotin Amerikasida 1950—1980-yillardagi o‘rtacha inflyatsiya darajasi shu davrda ikki barobar kam bo‘lganida, aholi jon boshiga YaIM o‘sishi kamida 25 foizga oshgan bo‘lar edi. Shuningdek, Garvard universiteti professori R.Barroning 1960—1990-yillar davomida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlari uchun o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rtacha yillik inflyatsiya darajasining 10 foiz punktga o‘sishi, aholi jon boshiga real YaIMning yillik o‘sish sur’ati 0,3 foiz punktga va investitsiyalarning YaIMga nisbati 0,6 foiz punktga pasayishiga olib kelgan.
Bu yerda inflyatsiya, investitsiyalar va iqtisodiy o‘sish bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini aniq tushunish juda zarur. Bir vaqtning o‘zida iqtisodiy o‘sish, investitsiyalarning oshishi va inflyatsiyaning yuqori darajada bo‘lishining imkoni ham nazariy jihatdan, ham amaliy jihatdan mavjud emas.
Har bir davlat Markaziy bankining, shu jumladan, O‘zbekiston Markaziy bankining vazifasi inflyatsiyani jilovlashdir. Darhaqiqat, so‘mning qadrsizlanishi va erkin konvertatsiyaga o‘tish davrida (2017—2019-yillar) mamlakatda inflyatsiya yuqori darajada, ya’ni, o‘rtacha 15 foiz atrofida bo‘lgan. Ammo 2020-yilga kelib Markaziy bank inflyatsiya darajasini 11 foizgacha tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Inflyatsiyani doimiy ravishda past darajada ushlab turish Markaziy bankning ustuvor vazifasidir.
Inflyatsiyani targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish O‘zbekiston prezidentning 2019-yil 18-noyabrdagi farmonida tasdiqlangan. Farmonga muvofiq, Markaziy bank inflyatsiyaning 2021-yilda 10 foizgacha va 2023-yilga kelib 5 foizgacha pasayishini ta’minlaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsion targetlash tizimiga tasdiqlangan muddatda to‘liq o‘tishiga ijobiy baho berilgan.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, Markaziy banklar inflyatsiyani jilovlash funksiyasini davlatning fiskal siyosatidan, siyosiy va boshqa tijorat manfaatlaridan mustaqil bo‘lgandagina muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Majburiy me’yor sifatida inflyatsiyani targetlash muvaffaqiyatli pul-kredit siyosatining asosidir. “Majburiy me’yor” tushunchasining ahamiyati birinchi marta 1977-yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari F.Kidland va E.Preskottning ishlarida aks ettirilgan.
Ularning ta’kidlashicha, kelajakdagi mumkin bo‘lgan harakatlar to‘g‘risida jamoatchilik taxminlari hukumatning “majburiy me’yorlar”ga rioya qilishi asosida shakllanadi. Xohishga asoslangan siyosat (diskretsion siyosat) aniq belgilangan qoidalar yo‘qligini anglatadi. Inflyatsiya holatida, markaziy bankning diskretsion siyosati aholi orasida bozorlarda narxlar dinamikasiga nisbatan “noaniq” taxminlarni shakllantiradi. Natijada, aholining regulyatorga nisbatan ishonchi past darajada va keyinchalik inflyatsiyaning spekulyativ yuqori darajada bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Faqatgina inflyatsiyani targetlash bo‘yicha prezident farmoni va shu kabi boshqa “majburiy me’yorlar”gina kelajakda inflyatsiyani barqarorligini ta’minshlash kafolati bo‘ladi.
Biroq bu Markaziy bank o‘z diskretsion siyosatidan butunlay voz kechishi kerak, degani emas. Shu bilan bir qatorda Markaziy bank o‘zining pul-kredit siyosatini iqtisodiy o‘sish bilan muvozanatlashtirishi ham ahamiyatga ega. Masalan, muvaffaqiyatli Markaziy banklar qatoridan joy olgan Yevropa Markaziy banki asosiy e’tiborni inflyatsiyani jilovlashga qaratishiga qaramay, iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlanishini ham hisobga olishadi.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda narxlarning oylik o‘zgarishini tahlil qilish maqsadga muvofiq. 2016-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan davr uchun oylik iste’mol narxlari indeksi (CPI) quyidagi rasmda keltirilgan.
Ushbu ma’lumotlardan foydalangan holda yuqori inflyatsiya holatida qolish ehtimolini hisoblash mumkin. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining (ITIM) hisob-kitoblariga ko‘ra, yuqori inflyatsiya holatida qolish ehtimoli 58 foizni tashkil qiladi. Ya’ni, agar ma’lum bir oyda CPI yuqori inflyatsiya holatida bo‘lsa, unda keyingi oyda uning shu darajada qolish ehtimoli 58 foizni tashkil qiladi. Bu o‘z o‘rnida, aholining narxlar o‘zgarishiga nisbatan uzoq muddat davomida shakllanib kelgan taxminlari haqida dalolat beradi. Ushbu jarayon, yaqin vaqtgacha narxlarni barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan “majburiy me’yorlar” yo‘qligi bilan izohlanadi. Natijada, biz aholi va biznes istiqbollarini shakllantirishda ushbu “majburiy me’yorlar” qanchalik muhimligini anglaymiz.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda boshlangan yangi monetar siyosatga qo‘shimcha ravishda, aynan aholi va biznesning istiqbollarini shakllantirish nuqtai nazaridan tavsiyalar berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Birinchi navbatda, Markaziy bank inflyatsiyani targetlash tizimini doimiy ravishda ta’minlab borishi zarur. Aholi va biznes orasida qisqa va uzoq muddat uchun kutilmalar shakllanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Markaziy bankning inflyatsiyon target intizomiga rioya qilish bilan bog‘liq.
Ikkinchidan, faqatgina monetar siyosat bilan narxlar barqarorligini ta’minlab bo‘lmaydi. Shuningdek, tegishli fiskal siyosatni olib borish zarur. Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarga, ayniqsa, keng ko‘lamli islohotlarni va tub o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan mamlakatlarga, byudjet taqchilligini o‘rtacha darajada ushlab turishni tavsiya etadilar. Nega deganda, fiskal defitsitning keskin oshishi iqtisodiy agentlarning “inflyatsion ajablanishi”ga sabab bo‘ladi va bu o‘z navbatida, yuqorida aytib o‘tilganidek, inflyatsion kutilmalarning ko‘tarilishiga olib keladi.
Byudjet defitsitining inflyatsiyaga taxminiy ta’siriga kelsak, ITIM hisob-kitoblariga ko‘ra, davlat xarajatlarining YaIMga nisbatan 1 foizga ko‘payishi inflyatsiyani 0,6 foizga oshirishi mumkin. O‘zbekistonda davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish, ayniqsa, pandemiya davrida muhim ahamiyat kasb etdi va tegishli chora-tadbirlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyundagi va 21-sentabrdagi qarorlari bilan tasdiqlandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda yaqinda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tarkibini optimallashtirish va ularning sonini qisqartirish to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti farmoni qabul qilindi.
Uchinchidan, empirik dalillar inflyatsion kutilmalarning ayrim biror bir iste’mol tovar va xizmatlarga bog‘liqligidan dalolat beradi. Masalan, Nyu-York Federal zaxira banki tomonidan doimiy ravishda iste’molchilar orasida o‘tkazib boriladigan so‘rovnoma natijalari aholining inflyatsion kutilmalari oziq-ovqat, yoqilg‘i, tibbiy yordam va oliy ta’lim narxlarining o‘zgarishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Yuqorida keltirilgan tovar va xizmatlar narxlarni davlat tomonidan nazoratga olish usullari individual xususiyatga ega. Misol uchun, sog‘liqni saqlash sohasida narxlarning barqarorligini ta’minlash O‘zbekiston prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi qarorida keltirilganidek, tibbiy sug‘urta bozorini rivojlantirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining shakllanishi hukumat tomonidan turli xil yo‘llar bilan tartibga solinadi. Bular orasidan 2020-yil 16-oktabrda O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilgan oziq-ovqat xavfsizligi fondlarini yaratish yoki mahalliy birja savdolarida xorijiy ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini kengaytirish kabilari joy oladi.
To‘rtinchidan, valyuta kursining o‘zgarishi ish haqi orqali inflyatsiya kutilmalariga ta’sir qiladi. So‘mning qadrsizlanishi bilan aholining xaridorlik qobiliyati import narxlariga nisbatan pasayadi. Shuning uchun valyuta kursining turli xil shoklarga nisbatan chidamliligini ta’minlash juda muhimdir. Ushbu yo‘nalishda Markaziy bank pul-kredit siyosatining 2021-yil va 2022—2023-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi hisobotida valyuta bozorini takomillashtirishning asosiy mexanizmlari keltirilgan. Bularga valyuta savdosining “qat’iy belgilangan” mexanizmidan “uzluksiz kimoshdi savdosi” mexanizmiga o‘tish kiradi, bu esa valyuta kursini belgilashda bozor ishtirokchilarining rolini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi.
Beshinchidan, global qiymat zanjirlariga qo‘shilish inflyatsion kutilmalarning asosiy omillaridan biridir. Global qiymat zanjirlarining ortib borayotgan roli yangilik va axborot almashinuviga hissa qo‘shadi. Natijada, yangi texnologiyalar mamlakatda ishlab chiqarish jarayonini yanada muvofiqlashtirishga imkon beradi. Shuningdek, global qiymat zanjirlariga qo‘shilish ichki va tashqi ishlab chiqarishning turli bosqichlarini optimallashtirish uchun biznes imkoniyatlarini kengaytiradi. O‘z navbatida, bularning barchasi ichki raqobatbardoshlikni oshiradi va narxlarning pasayishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, narxlarning barqarorligini ta’minlash umumiy makroiqtisodiy barqarorlik va aholini ijtimoiy himoya qilish nuqtai nazaridan muhimligini ta’kidlash lozim. Ushbu yo‘nalishda regulyatorning roli, uning mustaqilligi va “majburiy me’yorlar”ga rioya etilishi muhim. Shu bilan birga, hukumatning amaldagi iqtisodiy liberallashtirish siyosati, ijtimoiy adolatni qo‘llab-quvvatlash, pul-kredit va fiskal siyosatining sinergiyasi va xalqaro iqtisodiy integratsiya siyosati ham muhim.
Izoh (0)