Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida 24-aprel, shanba kuni -109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Qiziqarli kechgan bahslarda Ruslan Nuriddinov oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, yana bir o‘zbekistonlik atlet Akbar Jo‘rayev kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Dast ko‘tarish mashqida xitoylik Yang Chje 200 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, jahon rekordini yangiladi. Oxirgi urinishi omadsiz chiqqan Akbar 194 kg toshni ko‘targan bo‘lsa, Ruslan 188 kg bilan cheklandi.
Siltab ko‘tarish mashqida Yang Chje 115 kg bilan kifoyalandi.
Ikkinchi urinishda 234 kilogrammni ko‘tara olgan Akbar Jo‘rayev ham siltab ko‘tarish, ham ikki kurashda Osiyo rekordini yangilashga erishdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, endi Ruslan Nuriddinov 241 kilogrammni bo‘ysundirib, ham siltab ko‘tarishda, ham ikki kurash natijasiga ko‘ra Osiyo va Jahon rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, Ruslan Nuriddinov oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Nuriddinov London Olimpiadasidagi tahlillaridan doping topilgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragandi. Keyinchalik sport arbitraj sudi qarori bilan 2020-yilning dekabrida diskvalifikatsiyaning qolgan ikki yil muddati bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)