Yangi Zelandiya hukumat tasdiqlagan chekishga qarshi kurash doirasida 2025-yilgacha tamaki mahsulotlariga butunlay taqiq qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Foto: Depositphotos

Tamaki mahsulotlarining savdosini bosqichma-bosqich cheklashning bir qismi sifatida, ulardagi nikotin miqdorini pasaytirish, filtrlar o‘rnatishni taqiqlash, mahsulotlar uchun narx belgilash, maxsus savdo do‘konlarining sonini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, 2004-yildan keyin tug‘ilgan mamlakat fuqarolariga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Hukumatning ushbu tashabbusini sog‘liqni saqlash tashkilotlari qo‘llab-quvvatladi.

“Tamaki tarixdagi eng zararli mahsulot hisoblanadi, biz undan butunlay voz kechishimiz kerak”, — dedi Saratonga qarshi kurash jamiyatining ijrochi direktori Lyusi Elvud.

Lekin hukumatning ushbu tashabbusiga nisbatan ehtimoliy oqibatlarni qayd etgan holda, ba’zi e’tirozlar ham bo‘ldi. Xususan, kichik do‘konlarning bankrot bo‘lishi, shuningdek, tamaki mahsulotlarining qora bozori kengayishi alohida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, nikotin miqdorini kamaytirish iste’molchilarning yanada ko‘proq tamaki mahsulotlarini sotib olishiga sabab bo‘lib, ular buning uchun yanada ko‘proq mablag‘ sarflashi mumkinligi aytildi. Shuningdek, ushbu qonun loyihasi aholining shaxsiy hayotiga aralashish bilan tenglashtirildi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, har yili Yangi Zelandiyaning, taxminan, 4,5 ming aholisi chekish natijasida kelib chiqqan kasalliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Mamlakatda chekish saraton oqibatida yuzaga kelgan har to‘rtinchi o‘limning sababchisi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishish uchun alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmasdan, sport bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi.