Chexiya prezidenti Milosh Zeman oyog‘idagi kasallik sababli nogironlar aravachasida harakatlanadi. Bu haqda Praganing Blesk nashriga tayanib “RBK” xabar berdi.

Foto: Global Look Press

“Nogironlar aravachasidan foydalanishga qaror qildim. Hozir Lany (shahar tashqarisidagi qarorgoh) va ba’zida Praga qal’asida ham aravacha yordamida harakatlanyapman. Bu juda qulay”, — dedi Zeman.

Zemanning so‘zlariga ko‘ra, agar 28-oktabr kuni Praga qal’asida Chexoslavakiya tashkil topganining 103 yilligi nishonlansa, u tashrif buyuruvchilarni aravachada o‘tirib qarshi oladi.

Prezident hali ham mo‘jizaga ishonayotgani va ko‘chada havo isib ketishi bilan yurishni mashq qilishini ta’kidladi. “Odatda nevropatiyaning davosi bo‘lmaydi va u ma’lum darajada rivojlanib boradi, oyoqlarimning ahvoli yomonlashmoqda”, — deb xulosa qildi u.

76 yoshli Zeman ancha vaqtdan buyon Pragadagi Markaziy harbiy shifoxonada oyoq nevropatiyasi va diabetdan davolanib keladi.

2020-yilda Chexiya prezidenti qo‘lidan olgan jarohati sababli shifoxonaga yotqizilgan edi. Prezident matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Zeman kechqurun televizordagi yangiliklarni ko‘rib bo‘lgach, temir hassasidan yoki xavfsizlik xizmati xodimlarining yordamidan foydalanmagan, natijada qoqilib yiqilgan va qo‘lini sindirib olgan.

Zeman 2013-yil prezident etib saylangan edi, 2018-yilda u ikkinchi besh yillik muddatga yana qayta saylandi.

Avvalroq Italiya sobiq bosh vaziri, “Olg‘a, Italiya” partiyasining yetakchisi Silvio Berluskoni yana “San-Rafael” shifoxonasiga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Fransiyada 3-aprel kunidan 4-aprel kuniga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar tadbirkor va siyosatchi Bernar Tapining uyiga bostirib kirdi va uni to‘nab ketdi. Natijada Tapining turmush o‘rtog‘i olingan jarohatlar sababli shifoxonaga yotqizildi.

Britaniyalik millioner, 83 yoshli Richard Leksington Sattonga esa Dorset grafligidagi Gillingem shahri yaqinida joylashgan shahar tashqarisidagi qasrida hujum uyishtirildi. Millioner olingan jarohatlar natijasida voqea joyida vafot etdi.