Italiyaning sobiq bosh vaziri, “Olg‘a, Italiya” partiyasining yetakchisi Silvio Berluskoni yana “San-Rafael” shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda mahalliy la Repubblica gazetasiga tayanib “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Siyosatchi 6-aprel kuni Milanning “San-Rafael” klinikasida nazorat tekshiruvidan o‘tdi, shundan keyin shifokorlar uni keyingi nazorat uchun shifoxonaga yotqizdi.

Nashrning xabar berishicha, 84 yoshli Berluskoni Pasxa bayramini qizining uyida nishonlagan, kasalxonaga esa vertolyotda olib kelingan.

“Bu bir necha haftadan buyon Berluskonining ‘San-Rafael’dagi shifoxonaga qaytishiga to‘g‘ri kelgan ikkinchi holat”, — deb yozadi gazeta.

22-mart kuni ham Berluskoni aynan shu shifoxonaga keltirilgan edi. O‘shanda uning advokati sobiq bosh vazir va yana boshqa 28 kishi korrupsiya va yolg‘on guvohlik berish ayblovlari bilan o‘tkazilayotgan Milandagi sud majlisida mijozining sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar berdi. 24-mart kuni esa Berluskoniga shifoxonadan javob berildi.

2020-yilning sentabr oyida Berluskonida koronavirus hamda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlanib, davolanish uchun “San-Rafael” shifoxonasiga yotqizilgan edi. O‘shanda Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, agar zarurat bo‘lsa, Rossiya sobiq bosh vazirga yordam berishga tayyorligini xabar qildi.