Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44
Ispaniya La Ligasida, shubhasiz, ikki muhim o‘yin bo‘lib, u har doim boshqalaridan ajralib turgan, birinchi va ikkinchi davradagi “El-Klasiko”lardir. Boshqa ligalarning ashaddiy ishqibozlariga erish tuyulsa-da, “Real” va “Barselona” to‘qnashuvi dunyoning istalgan o‘yinini ikkinchi planga tushirib qo‘yadi, boz ustiga bu safargi bellashuv chempionlik masalasiga ham katta ta’sir o‘tkazadi. Soddaroq qilib aytganda, bugun yutqazgan jamoa chempionlik poygasidan chiqadi. Quyida “Real” va “Barselona” qarama-qarshiligi atrofidagi asosiy voqealarga to‘xtalib o‘tiladi.

Jamoalarning musobaqa jadvalidagi o‘rni

Foto: Twitter

Foto: Twitter

“Atletiko” va “Real Sosyedad” bilan qayd etilgan durang natijalar “Real”ning chempionlikka erishish imkoniyatlarini pasaytirdi va ularni ikkinchi o‘rindan pastga tushirib yubordi. “Qaymoqranglilar”ga hozirda g‘alaba suv va havo singari muhim, bu ularga “Barselona”ni bir ochkoga ortda qoldirib, “Atletiko”ka yetib olish imkoniyatini taqdim etadi. Mag‘lubiyat esa katta ehtimol bilan “qirollik klubi”ni chempionlikdan mosuvo qilishi mumkin.

Foto: Twitter

Foto: Twitter

“Atletiko”ning ko‘plab muvaffaqiyatsizliklari va o‘zining 19 o‘yindan iborat bo‘lgan mag‘lubiyatsiz seriyasi tufayli “Barselona” hozirda peshqadamdan atigi bir ochkoga ortda qolmoqda. “Barsa” La Ligada ketma-ket oltita o‘yindan beri g‘alaba qozonmoqda. “Real Sosyedad”ning yirik hisobda taslim etilishi va “Sevilya” ustidan qozonilgan ishonchli g‘alaba orqali katalonlar musobaqa jadvalidagi o‘rnini sezilarli darajada yaxshilab olgan.

Asosiy voqeliklar

“Real”

“Real”ning himoyadagi muammolari o‘z cho‘qqisiga yetdi

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Ushbu mavsum jamoa sardori Serxio Ramos uchun “Real”dagi so‘nggisi bo‘lishi mumkin. Ammo deyarli butun mavsum davomida Serxio jarohatlar bilan ovora bo‘lib yuribdi va muhim pallalarda qadrdon jamoasiga yordam bera olmayapti. Hozircha Ramos La Ligada atigi 15 ta, Chempionlar Ligasida esa 4 ta o‘yin o‘tkazdi. Shu tariqa “Real” o‘z yetakchisiz o‘ynashni o‘rganishi kerak bo‘ldi, garchi bu jamoa uchun oson kechmayotgan bo‘lsa-da, Zidan shogirdlari hozircha buni uddalamoqda deb aytish mumkin.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Ramos yo‘qligida asosiy himoyachi vazifasini Rafael Varan va Eder Militao bajardi. Garchi ba’zida o‘ta qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ysa-da, Varan bungacha ham asosiy bo‘lgan. Eder Militao esa boshqa chora yo‘qligi uchun maydonga tushirildi, braziliyalik o‘zi o‘ynagan beshta uchrashuvda ikkita sariq va bitta qizil kartochka olganligi bilan yodda qoldi, xolos. Endi esa Militaoning yonida Rafael Varan ham yo‘q, fransiyalik futbolchi koronavirusga chalingani tufayli “Liverpul”ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yubordi. Ingliz klubiga qarshi uchrashuvda Militao Nacho bilan birgalikda yomon o‘ynamadi, ammo unutmaslik kerak, “El-Klasiko”ning bosimini jilovlashni manaman degan futbolchilar ham uddalay olmagan.

“Real” o‘z uyida “Barsa”ga qarshi kechgan bahslarda omadsizlikka uchraydi

Aksariyat jamoalar o‘z maydonida kechgan bahslarda yaxshiroq natijaga erishadi, bu holatga tribunalarning bo‘sh ekani ham katta ta’sir o‘tkazayotgani yo‘q, ammo har sohada bo‘lgani kabi futbolda ham istisnolar uchrab turadi. “Real” “Barsa”ga qarshi kechgan uy uchrashuvlarida odatda muvaffaqiyatsizlikka uchrab keladi. Agar statistika uchun so‘nggi o‘nta o‘yin olinsa, “Real” o‘z uyida yettita o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan, yana uchta bahs esa durang bilan yakun topgan. Mehmonda esa to‘rtta g‘alaba va xuddi shuncha durang. Shunday ekan, “Barsa”ga qarshi o‘yinlarda “Real”ga “o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi” iborasi unchalik ham mos kelmaydi.

“Barselona”

Jamoa yana uchta himoyachi bilan o‘ynaydimi?

“Barselona” oxirgi o‘yinlarda uchta himoyachi bilan harakat qilmoqda. Garchi bu sxema hozircha nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi ish berayotgan bo‘lsa ham, katta o‘yinlarda pand bermasligiga hech qanday kafolat yo‘q. To‘g‘ri, ushbu uslub odatdagi 4-2-3-1 ga nisbatan ancha tajovuzkor va yorqinroqdir, ammo “Real”dek qarshi hujumlarda xavfli bo‘lgan jamoa bilan o‘yinda bu mehmonlarga qimmatga tushish ehtimoli ancha yuqori.

Messi kataloniyaliklarning asosiy quroli, ammo bu qurol 2018-yildan beri ish bermayapti

Foto: Twitter

Foto: Twitter

“Barsa”ning yetakchisi va uning asosiy figurasi kim ekanligi hech kimga sir emas. Joriy mavsumda Lionel Messi va boshqa kataloniyalik futbolchilar o‘rtasidagi farq samaradorlikda ham, mahorat bobida ham yaqqol sezilib turibdi. Aynan argentinalik daho aksariyat o‘yinlarda jamoaning g‘alabasini ta’minlamoqda. “Barselona”ning so‘nggi 16 o‘yinida Leo bor-yo‘g‘i uchta uchrashuvda maydonni samarali harakatlarsiz tark etdi. Biroq Messi “Real” bilan o‘yinlarda anchadan buyon, aniqrog‘i Krishtianu Ronaldu Madridni tark etganidan keyin (2018-yil) gol urmay qo‘ygan. Agar yozda Messi jamoani tark etadi degan mish-mishlarga ishonilsa, bu u uchun so‘nggi “El-Klasiko” bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, Messi bu uchrashuvda gol urishga astoydil harakat qiladi. Shunday ekan, futbol ixlosmandlarini bu uchrashuvdan juda ko‘p narsa kutmoqda.

Jamoalarning taxminiy tarkiblari:

“Real”: Tibo Kurtua, Lukas Vaskes, Eder Militao, Nacho, Ferlan Mendi, Toni Kroos, Kazemiro, Luka Modrich, Marko Asensio, Karim Benzema, Vinisius Junior.

“Barselona”: Mark-Andre ter-Shtegen, Frenki de Yong, Kleman Langle, Xerard Pike, Xordi Alba, Pedri, Serxio Buskets, Serjinyo Dest, Usmon Dembele, Antuan Grizmann, Lionel Messi.

Murabbiylar fikri:

Foto: Twitter

Foto: Twitter
Bu o‘yin chempionlik masalasini hal qilmaydi. “Atletiko”ning ustun tomoni shundaki, ular birinchi bo‘lib o‘ynaydi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar chempionat g‘olibi nomi so‘nggi turga qadar hal bo‘lmaydi.

La Liga — juda raqobatbardosh va ajoyib musobaqa. Bu yerda har bir jamoa g‘alaba qozonishi mumkin, biz bu kim bo‘lishini oxirigacha bilmaymiz. Oldinda juda ko‘p ochko o‘ynalishi kerak. Biz himoyada sezilarli o‘sishga erishdik. Agar g‘alaba qozonishni istasak, yaxshi o‘yin namoyish qilishimiz kerak. Mavsum hali yakunlanmadi va biz hech narsa yutmadik.

Zinedin Zidan, “Real” bosh murabbiyi

Foto: Twitter

Foto: Twitter
“El-Klasiko” boshqa o‘yinlardan ajralib turadi. “Barselona”da hammasi joyida, biz yaxshi formadamiz, sovrin uchun kurashyapmiz.

Bu o‘yin natijasi chempionlik poygasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmaydi, chunki oldinda ko‘plab uchrashuvlar bor. Istalgan jamoaga qolgan barcha o‘yinlarda g‘olib chiqish oson bo‘lmaydi. Klasikoda g‘olib chiqqan jamoa kayfiyatida jiddiy o‘sish bo‘ladi.

Ronald Kuman, “Barselona” bosh murabbiyi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Toshkent viloyatida 2023-yilda 9 ming gektar maydon qisqartirilib, 25 sotixdan aholiga beriladi
Mahalliy
Toshkent viloyatida kelin qaynonasiga 20 marta pichoq urdi (video)
Dunyo
Eronda mamlakat terma jamoasining JChdagi mag‘lubiyatini nishonlagan yigit otib o‘ldirildi