Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 5-aprel kuni oylik ish haqining yarmini o‘z nomiga ochilgan Yetim bolalarga yordam ko‘rsatish jamg‘armasiga o‘tkazdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi ma’lumotlariga tayanib “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Xabarga ko‘ra, 29 mart-kuni Berdimuhamedov vasiylikka muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatish uchun jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qilgan. Shu kuni banklarda milliy va xorijiy valyutalar uchun hisobvaraqlar ochilgan.

“Zaiflarni qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarga yordam berish — ajdodlarimizning eng katta o‘gitlaridan biri”, — dedi prezident.

Xalq Majlisi raisi Gulshat Mammedova ushbu fondga Berdimuhamedovning nomini berishni taklif qilgan. Bosh vazir o‘rinbosarlari bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

Agentlikning ta’kidlashicha, jamg‘arma mablag‘lari bolalarga pullik tibbiy va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga sarflanadi. Berdimuhamedovning o‘zi birinchi bo‘lib shaxsiy daromadidan jamg‘armaga xayriya qilishga qaror qilgan va Turkmaniston aholisi o‘zlarining “halol ishlab topgan pullarini” va chet ellik fuqarolarining ham mablag‘ o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishini aytgan.

Avvalroq Turkmanistonda bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablag‘lari berishni ko‘zda tutuvchi xalq itboqari va xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonlari ta’sis etilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Berdimuhamedov favqulodda vaziyatlar uchun 112 yoki 911 yagona raqamidan foydalanishni taklif qilgan.

Eslatib o‘tmiz, Turkmaniston prezidenti Berdimuhamedov Konstitutsiyaga zid ravishda parlament a’zosi etib saylandi. Shu bilan birga, davlat bosh qonuniga ko‘ra, parlament a’zosi bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi a’zosi lavozimini egallashni taqiqlaydi, Berdimuhamedov esa bunga zid ravishda Vazirlar Mahkamasining raisidir.