Kaliforniyadagi Platinum Motorsport ustaxonasi fotomodel va aktrisa Kim Kardashyanning maxsus buyurtmasi asosida yaratilgan noyob Cadillac Escalade ESV’ning suratlari bilan bo‘lishdi, deb xabar beradi Motor. Avtomobil o‘ziga xos KK Silver rangiga bo‘yalgan va yo‘ltanlamasga retro uslubdagi 26 dyuymli g‘ildiraklar kiygizilgan.

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

Platinum Motorsport atelyesi avtomobilga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumot bermagan: mashina asosini yangi avlod Escalade ESV tashkil etishi, biroq yo‘ltanlamas Kardashyan uchun pasaytirilgani, orqa yarim sferasi va optikasi qoraytirilgani ma’lum xalos. Mayda katakli radiator panjarasi va qora xrom — Sport jamlanmasidan dalolat beradi, ammo mashina to‘liq bo‘yalgani sabab bu haqda aniq ma’lumot berish mushkul.

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

Kumushrang KK Silver Kim Kardashyan sharafiga nomlangan bo‘lib, bo‘yoq silliqlangan alyuminiy ko‘rinishiga ega. O‘nta qisqa kegayga ega 26 dyuymli diskalar ham aynan shu rangga bo‘yalgan. Aftidan, yo‘ltanlamasning saloni butunlay o‘zgartirilgan, biroq uning interyeri suratlari e’lon qilinmagan.

Cadillac Escalade ESV’ning texnik tavsifi ham oshkor etilmagan, biroq gap to‘rt bolali oilaga mo‘ljallangan avtomobil haqida ketayotgan ekan, tyunerlar mashinaning dvigatel kuchini oshirmagan bo‘lishi kerak. Taxminlarga ko‘ra, 5,8 metrli yo‘ltanlamas kapoti ostidan 426 ot kuchini taqdim etishga qodir 5,8 litrli V8 benzin dvigateli o‘rin olgan va u 10 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi.

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

Foto: Instagram / Platinum Motorsport

To‘liq o‘lchamli Cadillac Escalade — amerikalik yulduzlar orasida juda mashhur. Masalan, Silvestr Stallone buyurtmasiga asosan eski avlod yo‘ltanlamasi hashamatli limuzinga aylantirilgan edi. Aktyor unda bir yilga yaqin harakatlangan va mashinani 350 ming dollarga sotib yuborgan.