Vaksinatsiyaning uchinchi kunida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan jami 9551 nafar fuqaro emlandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Vaksina olganlarning 3441 nafarini 65 yoshdan yuqori fuqarolar va 6110 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil qildi.
3-aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:
- Toshkent shahri (2105 nafar);
- Namangan viloyati (1189 nafar);
- Buxoro viloyati (1166 nafar);
- Andijon viloyati (1083 nafar);
- Toshkent viloyati (844 nafar) band qildi.
Ular AstraZeneca va O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. Bunda emlanuvchi birinchi emlanishni qaysi vaksina bilan boshlasa, ikkinchisini ham aynan o‘sha vaksina bilan yakunlaydi.
O‘zbekistonda xususiy klinikalarga COVID-19’ga qarshi pulli emlash o‘tkazishga ruxsat berildi. To‘liq emlash kursini tamomlagan fuqarolarga QR-kodli sertifikat beriladi.
Ayni paytda emlash jarayonlari davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aprel–iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash zarurligini ta’kidlagan.