Namanganda 1-aprelda kuzatilgan kuchli shamol To‘raqo‘rg‘on tumani markazida joylashgan “Ark” majmuasining tomini uchirib yubordi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

2014-yilda qurilgan ushbu uch qavatli majmua aslida mehmonxona uchun mo‘ljallangan. Avvaliga oshxona sifatida foydalanilgan, 2016-yildan esa “Komilaoy shifo” xususiy shifoxonasi faoliyat olib bormoqda.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

— Hodisa chamasi soat 15:10 larda ro‘y berdi. Uchinchi qavat dam olish maydoniga mo‘ljallangani uchun tomi metall konstruksiya va tunuka materiallaridan foydalanib, o‘stirma ayvon, ya’ni “naves” tarzida qurilgandi. Atrof ochiq bo‘lgani uchun qattiq shamol uni uchirib yubordi, — deydi majmua ish boshqaruvchisi To‘lqinjon Boltaboyev.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

Bu payt shifoxonda 12 nafar bemor, 9 nafar xodim bo‘lgan. O‘lchami 400 kvadrat metrga teng tom qulashi oqibatida hech kimga shikast yetmagan.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

— Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qosimali Ahmedov boshchiligida guruh darrov voqea joyiga yetib keldi. Birinchi galda majmua elektr tarmog‘idan uzildi. Bino ichidagi fuqarolar zudlik bilan tashqariga olib chiqildi. FVB xodimlari maxsus asboblar yordamida tomning ko‘chib tushgan metall va tunukalarini kesib, yo‘lni ochishdi, — deydi tuman FVB boshlig‘i, podpolkovnik Foziljon Xo‘jamberdiyev.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

Majmua egasi tadbirkor Salohiddin Najmiddinov tomonidan bugunning o‘zida tomni qayta o‘rnatish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Shifoxona yana bir haftadan so‘ng faoliyatini davom ettirishi kutilmoqda.

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati

“Ark” majmuasining avvalgi ko‘rinishi (arxiv)

Ma’lumot uchun, kecha To‘raqo‘rg‘on tumanida kuzatilgan shamol tezligi sekundiga 15—17 metrga teng bo‘lgani aytilmoqda.