Tailandda og‘irligi 20 kilogramm keladigan Godzilla laqabli erkak makaka maymunlar uchun mo‘ljallangan maxsus “ozish lageri”ga yuborildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: ViralPress

Ta’kidlanishicha, Godzilla uch yoshda bo‘lib, kichkinaligidan Bangkokdagi bozorda yashab keladi. Uning oldingi xo‘jayinlari maymunni tashlab ketgan va hayvonga Manop ismli sotuvchi qaray boshlagan.

Ayol Godzillaga yaxshi munosabatda bo‘lgan, biroq uning og‘irligini nazorat qila olmagan. Maymun zararli yeguliklarni tanlashga va atrofdagilardan ovqat olishga o‘rganib qolgan. Shu sababli u juda tez semirib ketgan — hozirda 20 kilogramm.

Manop makakaning sog‘lig‘idan xavotirga tushib, uni maymunlar uchun mo‘ljallangan maxsus muassasaga topshirgan. U yerda Godzilla jadval bo‘yicha ovqatlanadi, gimnastika bilan shug‘ullanadi va yovvoyi tabiatga qaytishga tayyorlanadi, chunki makakalarni uy hayvoni sifatida saqlash taqiqlangan.

Avvalroq Avstraliyada semiz labrador tashqariga chiqmoqchi bo‘lib, eshikni sindirib yuborgani va internet yulduziga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi.